100 ming tonna mis katodi ishlab chiqarildi
“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati Mis eritish zavodi metallurglari tomonidan 100 ming tonna mis katodi ishlab chiqarishga erishildi.
“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati Mis eritish zavodi metallurglari tomonidan 100 ming tonna mis katodi ishlab chiqarishga erishildi.
Kombinat axborot xizmatidan maʼlum qilishlaricha, metallurglar bu borada oʻtgan yilgi natijani yangilashgan. Yaʼni, 2019-yilda 100 ming tonnalik marra 17-sentyabr kuni zabt etilgan edi.
Maʼlumki, Prezidentimizning 2020-yil 15-maydagi “Toshkent viloyatida sanoat ishlab chiqarish hajmlarini yana kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Toshkent viloyati hududidan 3-Mis boyitish fabrikasi chiqindilarini toʻplash ombori va infratarmoq obyektlarini qurish uchun qariyb 3 ming 770 gektar yer maydoni ajratildi.
Davlatimiz rahbarining 2020-yilning 26-may kuni kombinatning istiqbolini belgilovchi yana bir muhim hujjat - “Olmaliq KMK” AJ konlari negizida rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni kengaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
“Olmaliq KMK” AJ kon maydonlari negizida rangli va nodir metallarni ishlab chiqarishni kengaytirish ikki bosqichda amalga oshirilishi koʻzda tutilgan. Birinchi bosqich – 2017-2025-yillarda affinajlangan oltin ishlab chiqarish yiliga 14,94 tonnadan 38 tonnagacha, katodli mis ishlab chiqarish 108 ming tonnadan 290 ming tonnagacha, kumush ishlab chiqarish 95,96 tonnadan 203 tonnagacha oshiriladi.
Ushbu koʻrsatkichlarga erishish uchun “Yoshlik I” konini oʻzlashtirish hisobiga birlashgan Yoshlik-Qalmoqqir konlaridan 100 tonnagacha ruda qazib olish, 3-Mis boyitish fabrikasi hamda ichki va tashqi infrastruktura tarmoqlarini qurish, 2-Vanyukov pechini bunyod etish, yangi konverter uchastkasi, №1- va №2- anod pechlari, misni elektroliz qilish sexi, №5-Sulfat kislotasi sexi, yangi BRV-6 kislorod blokini qurish, oltin va kumushni affinaj qilish sexining affinajlash quvvatlarini oshirish rejalashtirilgan. Loyihani amalga oshirishning aniq moliyaviy manbalari belgilangan.
Ikkinchi bosqich – 2022-2028-yillarda affinajlangan oltin ishlab chiqarishni yiliga 38 tonnadan 50 tonnagacha, katodli misni 290 ming tonnadan 400 ming tonnagacha, kumush ishlab chiqarishni 203 tonnadan 270 tonnagacha oshirishga qaratilgan tadbirlar amalga oshiriladi.
Ikkinchi bosqichda birlashgan Yoshlik-Qalmoqqir konlarining qazib olish yillik quvvatlarini 150 million tonnagacha oshirish, 4-Mis boyitish fabrikasi, 3- Vanyukov pechini qurish, Misni elektroliz qilish sexini kengaytirish (2-bosqichi), 4-Sulfat kislotasi sexini kengaytirish, yangi BRV-7 kislorod blokini qurish vazifasi belgilangan.