Mamlakatimizda O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tashkil etilganiga endigina 3 yildan oshdi. Sohani rivojlanishga oid ko‘plab yangi qaror va farmonlar, qabul qilindi.
Jumladan, Prezidentimizning 2020 yil 6 oktyabridagi “O‘zbekiston Respublikasida o‘rmon xo‘jaligi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida keyingi 10 yillikda o‘rmon fondi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, shu jumladan, yangi o‘rmonzorlar barpo etish, ish o‘rinlarini tashkil etish, o‘rmonlardan qo‘shimcha foydalanishni rag‘batlantirish, ilmiy tadqiqot faoliyatini kuchaytirish maqsadida o‘rmon fondi yerlari foydalanuvchilarini qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan.
Konsepsiya ijrosini ta’minlash maqsadida O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha Fanlar akademiyasi va boshqa ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikda 100 dan ziyod ilmiy mavzular yuzasidan loyihalar ishlab chiqilgan hamda Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etilgan.
E’tiborli jihati shundaki, O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutining moddiy-texnik bazasini yangilash, xodimlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda olimlar korpusini yoshartirish choralarini ko‘rish, shuningdek, sohadagi ilmiy muammolarni aniqlash, ular bo‘yicha Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot institutlari va boshqa ilmiy muassasalar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishdan iborat.
Toshkent davlat agrar universitetining O‘rmon xo‘jaligi va landshaft dizayn fakultetida kadrlar tayyorlashni mazmun jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, ilg‘or xorijiy tajribalar asosida fakultet tarkibidagi ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarining o‘quv rejalarini ta’limning kredit-modul tizimiga bosqichma-bosqich o‘tkazish, soha va ishlab chiqarish talablaridan kelib chiqib, kelgusida yangi ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarini ochish rejalashtirilmoqda.
– Respublikamizning davlat o‘rmon fondi yerlari 11 144, 5 ming gektar bo‘lib, shundan 3251,3 ming gektar qismi o‘rmonzorlarni tashkil etadi, – deydi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Abdushukur Xamzayev.
– Davlat o‘rmon fondi yerlari to‘rt toifaga mansub, ular cho‘l hududi, tog‘ hududi, vodiy hududi va to‘qay hududi o‘rmonzorlari hisoblanadi. Qayd etish joizki, iqlim sharoitiga ko‘ra qurg‘oqchilikka moyil hududda joylashgan yurtimizda o‘rmonlarni saqlab qolish, yangi o‘rmonzor maydonlarni barpo etish hisobiga ularni kengaytirish masalasi o‘ta muhim masala hisoblanadi.
Chindan ham o‘rmonlarning qanday ahamiyat kasb etishini anglash va anglatish uchun, so‘nggi paytda O‘zbekiston hududida tez-tez ro‘y berayotgan qum va tuz bo‘ronlarini eslash kifoya. O‘z fikrini bayon etar ekan, o‘rmon qo‘mitasi mutaxassisi 2018 yilning may oyida O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy hududlari – Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatlarida ro‘y bergan qumli tuz bo‘ronlari, 2019 yilda Navoiy va Buxoro viloyatlarida va yaqindagina Namangan viloyatining Yozyovon cho‘llariga tutash Mingbuloq tumanida yuzaga kelgan shunday tabiat hodisalarini eslatib o‘tdi.
– O‘rmonzorlar tuproq tarkibini mustahkamlashi, eroziyaning oldini olishi hech kimga sir emas. Shuning uchun ham biz ayni paytda cho‘l hududlarida, eng avvalo, Orol dengizining qurigan tubida o‘rmonzorlar barpo etishni eng dolzarb masala sifatida amalga oshirishga kirishdik, –deydi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Abdushukur Xamzayev.
– Prezidentning 2020 yil 6 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida o‘rmon xo‘jaligi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi PQ-4850-son qarori ijrosini ta’minlash doirasida 2021 yilda Qoraqalpog‘iston va viloyatlar hududlari kesimida «yashil qoplamalar» barpo etish hajmlari belgilangan. Bunda jami rejalashtirilgan 560 ming gektar yer maydonining 375 ming gektarida o‘rmonzor barpo etiladi. Qoraqalpog‘istondagi o‘rmon fondi yerlari va Orol dengizining suvi qurigan hududlarida, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi Orolbo‘yi hududlarida 172 ming gektar hamda boshqa hududlardagi o‘rmon fondining tog‘, vodiy va to‘qay yerlarida 13 ming gektar maydonga daraxtlar ekiladi.
Shu bilan birgalikda, o‘rmon fondi resurslaridan samarali foydalanish, noqonuniy daraxt kesish, yaylovlardan foydalanish qoidalarini buzish, o‘rmon fondi yerlarida o‘simlik va hayvonot dunyosiga zarar yetkazish, texnika xavfsizligi talablariga rioya etmaslik holatlarining oldini olish maqsadida aholi o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish talab etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 26 noyabridagi “Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash, ularning urug‘chiligini yo‘lga qo‘yishni rivojlantirish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–4901-son qarori qabul qilindi.
Ushbu qaror ijrosi bo‘yicha O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimidagi “Shifobaxsh” dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash markazi negizida Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy-ishlab chiqarish markazi tashkil etilib, markazning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari belgilab berildi. Qaror bilan Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyatlarida dorivor o‘simliklarni yetishtirishga ixtisoslashgan G‘allaorol, Kogon hamda Urgut ixtisoslashgan davlat o‘rmon xo‘jaliklari tashkil etildi, kelgusi yildan dorivorchilik klasterini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimida kadrlar malakasini oshirish va yoshlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ham ma’lumot berildi. Ma’lum qilinishicha, sohaga jalb etilgan oliy ma’lumotli kadrlar salmog‘i 22 foizga, shu jumladan, oliy ma’lumotli o‘rmonchi mutaxassislarni ishga qabul qilish ko‘rsatkichi 648 taga yoki 57 foizga yetkazildi. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimida kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni to‘la qondirish maqsadida Toshkent davlat agrar universiteti va boshqa oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda.
Sohaga ilm-fan va innovatsiyalar joriy etilishini ta’minlash maqsadida O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutidagi 7 ta laboratoriya zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanadi.
O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan ilmiy-tadqiqot instituti hamda uning tarkibidagi ilmiy muassasalarni moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga 2 mlrd so‘m ajratiladi. 2021 yilda O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimida faoliyatni raqamli texnologiyalar asosida elektron shaklga o‘tkazish nazarda tutilmoqda
Shu bilan birga, “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga asosan, “2020-2022 yillarda qishloq, suv va o‘rmon xo‘jaligi sohalarini raqamli transformatsiya qilish dasturi” doirasida o‘rmon fondi maydonlarida aniqlangan o‘rmon qonunbuzarliklarini onlayn tarzda rasmiylashtirishning birlamchi dasturi yaratiladi.
Shahnoza MAMATUROPOVA, O‘zA