10 ta gol urilgan bahsda O‘zbekiston U-16 Indoneziyaga imkoniyatni boy berdi
O‘zbekiston o‘smirlari raqib darvozasini to‘rt bor ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘ldi.
O‘zbekiston U-16 terma jamoasi Indoneziyaga qarshi dastlabki nazorat uchrashuvida haqiqiy gollar shousi namoyish etdi. O‘nta gol urilgan bahs yakunida vakillarimiz 4:6 hisobida imkoniyatni boy berdi.
O‘zbekiston o‘smirlari raqib darvozasini to‘rt bor ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘ldi. Abdulloh Xolmamatov, Kamoliddin Akbaraliyev va Hojiakbar Zulfiqorov bittadan gol urdi. Yana bir gol indoneziyalik Ramadxan Putraning o‘z darvozasiga to‘p kiritishi natijasida qayd etildi.
Terma jamoamiz uchrashuvni Aziz Berdiyev, Hojiakbar Zulfiqorov, Azizillo Erkinjonov, Abdulloh Xolmamatov, Ro‘zimurod Ro‘zimurodov, Shohjahon To‘raqulov, Abubakr Mamatov, Hasan Urolov, Fayz Achilov, Husan Urolov va Yahyo Baxtiyorovdan iborat tarkibda boshladi. Sardorlik bog‘ichi Azizillo Erkinjonovda bo‘ldi.
Bahs davomida murabbiylar shtabi tarkibda qator o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Abduvaliyev, Bobirov, Tilloyev, Shuhratillayev, Eshboyev, Aminov, Akbaraliyev, Xayrullayev va Samatov zaxiradan o‘yinga qo‘shildi. Bahriddinov, Hayitmurotov va Abdujalilov esa maydonga tushmadi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-16 terma jamoasining Indoneziyaga qarshi ilk sinovi sermahsul, ammo mag‘lubiyat bilan yakunlandi — 4:6.