10 nafar shaxmatchimiz Osiyo chempionatida jahon kubogi yo‘llanmasi uchun kurashadi
Shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining 10 nafar a’zosi joriy yilning 28-may-7-iyun kunlari Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Batorda erkaklar va ayollar o‘rtasida o‘tadigan Osiyo chempionatida ishtirok etadi.
FIDE taqvimidan o‘rin olgan mazkur musobaqaning ayollar bahslarida Afro‘za Hamdamova, Gulruhbegim Tohirjonova, Guldona Karimova, Nilufarxon Imomqo‘ziyeva, Madinabonu Xalilova va Asal Salimova, erkaklar bahsida esa Abdumalik Abdusalimov, Xumoyun Bekmuratov, Ortiq Nigmatov, Saidakabar Saidaliyev dona suradi.
Chempionat nizomiga muvofiq, ochiq birinchilikda eng yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lgan 5 nafar shaxmatchi 2027-yilgi Jahon kubogi yo‘llanmasini qo‘lga kiritsa, 1 nafar eng yaxshi ayol shaxmatchi ayollar o‘rtasidagi jahon kubogi ishtirokchisi huquqiga ega chiqadi.
Osiyo chempionatining erkaklar guruhida 28 ta mamlakatning 147 nafar sportchisi, ayollar bahsida 17 ta davlatning 101 nafar shaxmatchi xotin-qizlari g‘oliblik yo‘lida kurash olib borish uchun ro‘yxatdan o‘tgan.
Umumiy mukofot jamg‘armasi 100 ming AQSH dollaridan iborat qit’a birinchiligi 9 ta turdan iborat etib belgilangan.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA