“10 ming qadam” loyihasida O‘zA jamoasi faol
Mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash, jismoniy faollikni oshirish va sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishga qaratilgan “10 ming qadam” loyihasi yangilangan shaklda qayta yo‘lga qo‘yildi. Mazkur tashabbus davlat siyosati darajasida qo‘llab-quvvatlanayotgani hamda keng jamoatchilikni qamrab olishi bilan ahamiyatli.
Avvalgi yillarda ham amalga oshirilgan ushbu loyiha aholi o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otgan edi. Endilikda esa uning mazmun-mohiyati zamonaviy talablar asosida yanada boyitildi. Jumladan, fuqarolar kunlik jismoniy faolligini nazorat qilish, yurilgan qadamlar sonini hisoblash va natijalarni monitoring qilish imkonini beruvchi maxsus elektron platforma joriy etilmoqda.

Yangilangan tizim orqali ishtirokchilarni ro‘yxatga olish, ularning faolligini baholash va turli rag‘batlantirish mexanizmlarini qo‘llash nazarda tutilgan. Bu esa loyihaning nafaqat ommaviyligini, balki samaradorligini ham oshirishga xizmat qiladi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, har kuni kamida 10 ming qadam yurish inson salomatligi uchun juda foydali bo‘lib, yurak-qon tomir kasalliklari, ortiqcha vazn hamda boshqa qator xastaliklarning oldini olishda muhim omil hisoblanadi. Shu jihatdan mazkur tashabbus aholining turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar tizimining ajralmas qismi sifatida qaralmoqda.

Loyiha doirasida hududlarda ommaviy yurish aksiyalari, fleshmoblar va sport tadbirlarini tashkil etish, keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlarni jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etuvchi axborot-targ‘ibot ishlari yanada kuchaytirilmoqda.

Ushbu loyihani ommalashtirish va xodimlar salomatligini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi jamoasi ham faol ishtirok etmoqda. Jumladan, agentlik xodimlari tushlikdan so‘ng jamoaviy tarzda 10 ming qadam yurishni yo‘lga qo‘ygan. Shuningdek, hafta davomida ikki marotaba futbol mashg‘ulotlarida muntazam qatnashish orqali jismoniy faollikni oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Mazkur tashabbus inson salomatligini asrash, sog‘lom va faol jamiyatni shakllantirishga qaratilgan islohotlarning amaliy ifodasi sifatida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA