Turli shirinliklarga bag‘ishlangan bayramlar ro‘yxatidan o‘rin olgan bir shodiyona, albatta, dunyoning barcha burchaklarida muxlislariga ega. Ushbu laziz sut mahsuloti - muzqaymoqqa befarq odam kam, ayniqsa bolalar...
Taxminga ko‘ra, 1786 yil 10 iyunda AQSHda muzqaymoq ommaviy sotuvga chiqarila boshlagan. Shu bois, ayni sana rasmiy maqomga ega bo‘lmagan bayram sifatida nishonlanadi. Aslida, bunday kunlar rasmiy maqomga muhtoj emas.
Muzqaymoq tarixi qadimgi davrlarga taqaladi. Xitoyda 3000 yilcha avval muz, qor va meva bo‘lagi aralashmasidan tetiklantiruvchi taom tayyorlangan. Keyinchalik paydo bo‘lgan sut va muz aralash yegulik qat’iy tarzda maxfiy saqlangan. Qadimgi Isroil va Gretsiyada ham muzlatilgan sharbatga o‘xshash salqin shirinlik tayyorlashgan.
Muzlatilgan sut Yevropada XIV asrdan, xususan Fransiyada XVI asrdan iste’mol qilina boshlagan. “Muzqaymoq” atamasi vatani ham shu davlat, kelib chiqish joyi – Plomber-le-Bem. XIX asrga kelib, bu shaharchada, hatto, stakanli muzqaymoq ham keng tarqalgan.
Muzqaymoq AQSHga XVIII asrda ko‘chmanchilar bilan birga borgan, XX asr boshlarida esa eskimo o‘ylab topilgan. Muzqaymoqning bu turini amerikalik Kristian Nelson ixtiro qilgan. U muzqaymoqni shokolad bilan sirlab, yangi yeguligini “Eskimo pirogi” deb atagan. Keyin vafli-stakan paydo bo‘lgan.
Avstriya qandolatchilari dunyoga shokoladli muzqaymoqni, italiyaliklar esa tetiklantiruvchi desert sifatida tasniflangan shirinlikni taqdim etdi.
Muzqaymoq Rossiyada Yevropadagidan kam emas. Bu shirinlik Pyotr I va Yekaterina II davrida bayram dasturxonini bezagan. XVIII asr oxirida “Eng yangi va to‘liq oshxona kitobi”ga kiritilgan rus tilidagi ilk shunday retseptda quyidagi masalliq keltirilgan: qaymoq, tuxum oqi, shokolad, limon, smorodina, klyukva, malina, gilos va apelsin.
Diyora Saidakbarova, O‘zDJTU talabasi,
O‘zA