1-oktabrdan Toshkentda jamoat transporti tarifi 2500 so‘mga oshirilishi taklif etilmoqda
Toshkentda jamoat transportida elektron to‘lov orqali bir martalik qatnov haqini 1700 so‘mdan 2500 so‘mga oshirish taklif etilmoqda. Biroq yakuniy qaror hali qabul qilinmagan. Muhokamalarda tarif o‘zgarishi bilan birga transport sifati, qatnovlar muntazamligi va yo‘lovchilarga ko‘rsatiladigan xizmat darajasiga qo‘yiladigan talablar ham kuchaytirilishi kerakligi ta’kidlanmoqda.
Transport vazirligi mazkur loyiha yuzasidan tushuntirish berib, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi tomonidan jamoat transportida yo‘l haqi tariflarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha taklif jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilganini ma’lum qildi.
Loyihaga ko‘ra, 1-oktabrdan quyidagi tariflarni joriy etish taklif qilinmoqda: avtobus yoki metroda bir martalik qatnov uchun elektron to‘lov — 1700 so‘m o‘rniga 2500 so‘m, naqd pulda to‘lov — 3000 so‘m miqdorida saqlab qolinadi. Bagaj tashish haqi — 4000 so‘m etib belgilanadi. Barcha tariflar qo‘shilgan qiymat solig‘ini inobatga olgan holda ko‘rsatilgan.
Shuningdek, loyihada doimiy yo‘lovchilar uchun yangi abonementlar joriy etish hamda jamoat transportining bir turidan boshqasiga o‘tish uchun alohida almashish tariflarini belgilash nazarda tutilgan.
Bugun poytaxt jamoat transporti har kuni qariyb 2,5 million nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatmoqda. Toshkent shahrining kengayishi, yangi turar joy massivlarining barpo etilishi va aholi sonining ortishi jamoat transportiga bo‘lgan talabni ham yil sayin oshirmoqda.
So‘nggi yillarda poytaxtda jamoat transport tizimini rivojlantirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Metropoliten tarmog‘i kengaytirilib, yer usti yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari bilan integratsiya qilindi. Transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Amalga oshirilgan islohotlar natijasida harakat tarkibi qariyb ikki barobarga kengaydi. Avtobuslar soni 1900 taga yaqinlashdi. Natijada ularning o‘rtacha qatnov oralig‘i 30 daqiqadan 15 daqiqagacha qisqardi. Yo‘nalishlar tarmog‘i esa yangi turar joy massivlari va poytaxtga tutash hududlarni qamrab olish hisobiga kengayib bormoqda.
Tarif oshsa, xizmat sifati ham oshishi kerak. Biroq transport vositalarini xarid qilishning o‘zi yetarli emas. Ularning har kuni belgilangan yo‘nalishga chiqishi, texnik jihatdan soz holda saqlanishi va yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatishi uchun muntazam xarajatlar talab etiladi.
Bu xarajatlar haydovchilar va texnik xodimlarning ish haqi, yoqilg‘i va elektr energiyasi, ehtiyot qismlar va shinalar, transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash, depolar hamda quvvatlantirish infratuzilmasini saqlash, salonlarni tozalash, dispetcherlik, navigatsiya va elektron to‘lov tizimlarining ishlashini qamrab oladi.
Ayni paytda amaldagi tarif ushbu xarajatlarning faqat bir qismini qoplamoqda. Tashuvlarni moliyalashtirishda asosiy yuk esa davlat byudjeti zimmasida qolmoqda. Shu nuqtai nazardan, tarifning ehtimoliy o‘zgarishi tashuvchilar zimmasiga qo‘yiladigan aniq va o‘lchanadigan talablar bilan birgalikda ko‘rib chiqilishi muhim.
Xususan, qatnovlarning muntazamligi, belgilangan intervallarga rioya etilishi, transport vositalarining texnik holati va tozaligi, yo‘lovchilar xavfsizligi, xizmat ko‘rsatish madaniyati hamda yo‘nalishlar tarmog‘ini yanada kengaytirish kabi mezonlar ustuvor ahamiyat kasb etadi. Muhimi, tariflarni o‘zgartirish bo‘yicha loyiha hozircha taklif bosqichida. Yakuniy qaror qabul qilinmagan.
Fuqarolar 19-sentabrga qadar loyiha bilan tanishib, Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali orqali o‘z taklif va mulohazalarini yuborishlari mumkin. Kelib tushgan fikr va takliflar yakuniy qarorni tayyorlash jarayonida ko‘rib chiqiladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA