2013 yil 20 dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 68-sessiyasida yovvoyi fauna va flora haqida xabardorlikni oshirish maqsadida 3 martni Butunjahon yovvoyi tabiatni muhofaza qilish kuni, deb e’lon qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bu yilgi kun shiori — “Yovvoyi tabiatni asrashni moliyalashtirish: insonlar va sayyoraga sarmoya kiritish”. Ushbu shior insonlar va sayyora uchun farovon kelajak qurishda moliyaviy jarayonlarni yanada samarali va barqarorlashtirish, buning uchun birgalikda harakat qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqadi.
Qayd etilishicha, 1 milliondan ortiq hayvon turi yo‘qolib ketish xavfi ostida va uch tomonlama sayyora inqirozi (iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillikning yo‘qolishi va atrof-muhit degradatsiyasi) kuchayayotgan bir paytda, yovvoyi tabiatni muhofaza qilish uchun innovatsion moliyalashtirish har qachongidan ham dolzarb hisoblanadi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston bioxilma-xilligi 27 ming turni o‘z ichiga oladi. Xususan, 15 ming turga yaqin umurtqasiz hayvonlar, 700 turdan ortiq umurtqali hayvonlar, 100 turdan ortiq sut emizuvchi, 500 turga yaqin qush, 60 turdan ortiq sudralib yuruvchi, 80 turga yaqin baliqlar va boshqa turdagi fauna vakillari mavjud.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA