O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti buyurtmasi asosida quyosh fotoelektr stansiyasini xarid qilish va o‘rnatish yuzasidan 1 milliard 650 million so‘mlik davlat xaridi o‘tkazilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan olib borilgan o‘rganishda mazkur davlat xaridida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 32-moddasi (baholash mezonlari va tartib-taomillariga taalluqli qoidalar), 46-moddasi (davlat xaridlari jarayonidagi cheklovlar) talablari buzilgani va boshqa qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.
Xususan, ushbu xaridda ishtirokchilarning takliflari xarid qilish hujjatlarida ko‘rsatilgan baholash mezonlari va tartib-taomillariga zid ravishda baholangan.
Mazkur holatlar bo‘yicha xarid komissiyasining bayonnomasini bekor qilish to‘g‘risida buyurtmachiga taqdimnoma kiritildi va qonuniy chora ko‘rish uchun to‘plangan hujjatlar Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborildi.
Agentlikning taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti tomonidan xarid komissiyasining bayonnomasi bekor qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA