1 milliard 337 million so‘m QQS korxonaga qaytarildi
Buxoro shahridagi “Buxoro Komfort Tekstil” korxonasi mahsulotlariga talab yildan yilga ortmoqda. Korxonada yarim tayyor mahsulot bo‘z hamda tayyor mahsulot dastro‘mol ishlab chiqariladi. Ayni paytda korxonada 200 nafardan ortiq kishi mehnat qiladi.
Korxonaga biriktirilgan davlat soliq xizmati organlari xodimlari “Soliqchi-ko‘makchi” dasturi doirasida dastlabki buxgalteriyasini yuritishda, ayniqsa, qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) hisobga olish tartiblarini tushuntirishda yaqindan maslahatchi bo‘lib amaliy ko‘maklashmoqda.
Natijada korxonaga 2020 yilda xarid qilingan tovarlar bo‘yicha hisoblangan 1 milliard 337 million so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytarib berildi. Bu korxonaning barqaror faoliyat yuritishi va ishlab chiqarish hajmini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Buxoro viloyati DSB matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, “Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida Buxoro shahar davlat soliq inspeksiyasi mas’ul xodimlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida 1 ming 500 dan ortiq tadbirkorlik sub’ektlarining turli muammolarini hal etishda amaliy ko‘mak berilgan.


Zarif Komilov, O‘zA