Xabaringiz bor, 1 maydan elektr energiyasi uchun yangi tarif joriy etilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika resurslari iste’molchilarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2024-2025 yillarda yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarining bosqichma-bosqich o‘zgarish grafigiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida” 194-son qarori qabul qilindi.
Davlatimiz rahbarining topshiriqlariga muvofiq ishlab chiqilgan mazkur qaror bilan Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 16-apreldagi 204-son qarori bilan tasdiqlangan 2024-2025 yillarda yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarining bosqichma-bosqich o‘zgarish grafigiga aholi uchun yengillik yaratadigan o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Masalan, yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarining oshishi muddati 1 apreldan 1 may sanasiga ko‘chirildi.
Aytish joizki, bir oyda o‘rtacha 500 kVt·soat miqdorida elektr energiyasi sarflaydigan xonadon vakillari buning uchun 2025 yilning 1 may sanasiga qadar 360 ming so‘m to‘lashardi (200 kVt·soat bazaviy norma uchun 90 ming so‘m, 201 kVt·soatdan 500 kVt·soat uchun 270 ming so‘m). Tarif o‘zgarishlaridan so‘ng bir oyda o‘rtacha 500 kVt·soat tok ishlatadigan xonadon buning uchun o‘zgarishlarsiz 360 ming so‘m to‘laydi (200 kVt·soat bazaviy norma uchun 120 ming so‘m, 201 kVt·soatdan 500 kVt·soat uchun 240 ming so‘m). Ya’ni ular uchun narx oshayotgani yo‘q.
Bundan tashqari, qaror bilan elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari har yili 1 maydan bir marotaba yillik inflyatsiya darajasidan kelib chiqqan holda 10 foizdan yuqori bo‘lmagan miqdorda indeksatsiya qilib borilishi belgilanmoqda.
<iframe width="791" height="445" src="https://www.youtube.com/embed/1tP3TEC__e0" title="1-maydan elektr energiyasi uchun yangi tarif joriy etiladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>M.Turdaliyeva, N. Abduvoitov (video), O‘zA