1-iyuldan soliq to‘lovchilarga ham bepul tibbiy xizmat ko‘rsatiladi (+video)
Davlatimiz rahbarining 2024-yil 5-sentabrdagi 311-son qaroriga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan tuman, shahar hamda viloyat darajasidagi tibbiyot muassasalarida rejali statsionar davolanishlar soliq to‘lovchilar uchun bepul amalga oshiriladi.
2026-yilning 1-iyulidan davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy etish doirasida tibbiy xizmatlarni moliyalashtirishning yangi tartibi amal qiladi. Unga ko‘ra fuqarolar avval oilaviy shifokor qabuliga belgilangan tartibda murojaat qilganidan so‘ng tibbiy ko‘rsatmaga asosan keyingi bosqichda xizmatlar bepul amalga oshiriladi.
Asosiysi davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi doirasida tuman (shahar) va hudud viloyat darajasidagi muassasalarda rejali yotib davolanish xizmatlari belgilangan shartlar asosida davlat mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Shu va sohadagi boshqa yangiliklar xususida Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bosh mutaxassisi Muhabbat Yo‘ldoshova bilan suhbatlashdik.
- Ushbu yangi tizim qaysi toifadagi fuqarolarimizni qamrab oladi?
- Davlatimiz rahbarining 2024-yil 5-sentabrdagi 311-son qaroriga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan tuman, shahar hamda viloyat darajasidagi tibbiyot muassasalarida rejali statsionar davolanishlar soliq to‘lovchilar uchun bepul amalga oshirilishi belgilab berilgan. Statsionar davolanish asosan elektron yo‘llanma asosida amalga oshiriladi. Bu yo‘llanmani fuqarolarimiz oilaviy shifokorga murojaat qilgan holda, uning tavsiyasiga ko‘ra rejali yil davomida tuman yoki viloyat darajasidagi muassasalarda kafolatlangan paket doirasida bepul olish imkoni yaratildi.
- Kafolatlangan paketga qanday tibbiy xizmatlar kiradi?
- Tibbiy xizmatlar hajmlari: bemorning ko‘rigidan tortib, uning davolanib chiqib ketguncha bo‘lgan jarayon qamrab olinadi. Elektron hujjat shakllantiriladi. Tashxis qo‘yish, laboratoriya va diagnostik tekshiruvlari, hattoki ayrim dori vositalarini ham bepul olib, davolanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
- 1-iyuldan yana qaysi toifadagi fuqarolarga bepul xizmat ko‘rsatiladi?
- Ta’lim tashkilotlari o‘quvchi-talabalari, homilador ayollar va ikki yoshga to‘lmagan bolasini parvarishlayotgan shaxslar, mehnat organlarida ishsiz sifatida rasmiy ro‘yxatdan o‘tganlar, davlat nafaqasini oluvchilar hamda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning a’zolariga tibbiy xizmatlar bepul taqdim etiladi.
<iframe width="1335" height="751" src="https://www.youtube.com/embed/s0fiTxsYrrY" title="1-iyuldan soliq to‘lovchilarga bepul tibbiy xizmat ko‘rsatiladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov, O‘zA