Yangi innovatsion loyihalar taqdimoti
Jizzaxda o‘tkazilgan innovatsion loyihalar ko‘rgazmasida 80 dan ortiq texnologiya va ishlanmalar namoyish etildi.
Jizzaxda o‘tkazilgan innovatsion loyihalar ko‘rgazmasida 80 dan ortiq texnologiya va ishlanmalar namoyish etildi.O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining Jizzax viloyati hokimligi huzuridagi hududiy innovatsiya va texnologiyalar transferi markazi tomonidan Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika instituti, Jizzax politexnika instituti va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan ko‘rgazmada ishlab chiqarish korxonalari, fermerlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari vakillari ishtirok etdi.
Energiya tejaydigan, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, axborotlashtirish va kommunikatsiya, qishloq xo‘jaligida biotexnologiya, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi, kimyo texnologiyalari hamda nanotexnologiyalar bo‘yicha namoyish etilgan ishlanma va qurilmalar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Jizzax politexnika institutining yosh tadqiqotchilari tomonidan Toshkent kimyo-texnologiya instituti bilan hamkorlikda paxta chiqitidan texnik surkov moyi olish bo‘yicha yaratilgan yangi loyihani mutaxassislar, ayniqsa, yuqori baholashdi. Tegishli texnik sinovlardan o‘tgan loyihaning laboratoriya sinovlari uchun 2014-yilda 85 million so‘mlik grant mablag‘i ajratildi.
– Prezidentimizning 2008-yil 15-iyulda qabul qilingan “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori yangi ishlanma va tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etayotir, – deydi viloyat hokimligi huzuridagi hududiy innovatsiya va texnologiyalar transferi markazi direktori Nodira Saidahmedova. – Shu maqsadda tashkil etilgan markazimizda ham bu borada muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Yangi texnologik ishlanma va ixtirolarni amaliyotga tatbiq etishda ilmiy muassasalar, sanoat korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi vakillarining o‘zaro hamkorligi yaxshi samara bermoqda.