1-apreldan “suyunchi” pulini berish tartibi o‘zgaradi
Joriy yilning 4-martida Vazirlar Mahkamasining "O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga ba’zi ijtimoiy nafaqalarni to‘lash tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.
Bola tug‘ilganida bir martalik nafaqa («suyunchi») pulini berish tartibi o‘zgartirildi.
O‘zbekistonda 1-apreldan boshlab farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa puli birinchi farzand uchun barchaga, ikkinchi farzand uchun esa farzand tug‘ilgan paytda "Ijtimoiy himoya yagona reestri"ga kiritilgan oilaning a’zosi bo‘lgan ayollarga beriladi. Qolgan holatlarda “suyunchi” pulini rasmiylashtirish rad etiladi.
Qayd qilinishicha, 2024-yil 1-apreldan boshlab farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa puli, birinchi farzandi uchun – barcha ayollarga, ikkinchi farzandi uchun – farzand tug‘ilgan paytda "Ijtimoiy himoya yagona reestri" axborot tizimiga kiritilgan oilaning a’zosi bo‘lgan ayollarga rasmiylashtiriladi.
Qolgan barcha holatlarda nafaqa to‘lanmaydi. Nafaqani olish uchun arizani davlat xizmatlari markazi yoki YAIDXP orqali berish mumkin.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA