1-apreldan naqdsiz to‘lov, eskrou, ipoteka va jarima bali kuchga kiradi
Ma’lumki, Prezidentimizning 2025-yil 10-dekabrdagi "Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilingan edi.
Farmonga asosan, 1-apreldan mamlakatimizda to‘lovlar, ipoteka, yo‘l harakati, tibbiyot, shuningdek harbiylar va yoshlarga oid qator yangi tartib va imtiyozlar kuchga kiradi. Yangi o‘zgarishlar aholiga qulaylik yaratish, moliyaviy shaffoflikni oshirish va ijtimoiy himoyani kuchaytirishga qaratilgan.
1-apreldan boshlab qator to‘lovlarni naqdsiz shaklda amalga oshirish tartibi joriy etiladi. Jumladan, davlat organlari xizmatlari uchun to‘lovlar, elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi bo‘yicha hisob-kitoblar, alkogol va tamaki mahsulotlari uchun to‘lovlar, avtoyoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi to‘lovlar, 25 mln. so‘mdan yuqori tovar va xizmatlar uchun hisob-kitoblar, shuningdek ko‘chmas mulk hamda ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan avtotransport vositalarini xarid qilish bo‘yicha to‘lovlar asosan naqdsiz tarzda amalga oshiriladi.
Bu tartib yirik moliyaviy operatsiyalarda shaffoflikni ta’minlash va naqd pul aylanmasini qisqartirishga xizmat qiladi.
Ko‘chmas mulk va avtotransport oldi-sotdisida eskrou hisobvarag‘i orqali hisob-kitob qilish tartibi joriy etiladi. Endi xaridor pulni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotuvchiga bermaydi. Mablag‘ avval bankda maxsus eskrou hisobvarag‘iga joylashtiriladi. Notarius esa shartnomani rasmiylashtirishdan oldin pulning haqiqatan kiritilganini elektron tarzda tekshiradi.
Shu bilan birga, eskrou xizmati bo‘yicha komissiya miqdori cheklandi. Ko‘chmas mulk bitimlari uchun komissiya bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizidan, avtotransport vositalari uchun esa 25 foizidan oshmaydi. Mazkur cheklovlar davlat ulushi mavjud tijorat banklari uchun amal qiladi. Shuningdek, ko‘chmas mulk va avtotransport oldi-sotdisidagi eskrou orqali hisob-kitoblar faqat milliy valyuta — so‘mda amalga oshiriladi.
1-apreldan byudjet mablag‘lari hisobidan ipoteka kreditlari rasmiy daromadga ega fuqarolarga ajratiladi. Bunda fuqaroning ijtimoiy soliq to‘lab kelgani inobatga olinadi. Shuningdek, ipoteka kreditlarining eng yuqori miqdori belgilandi. Toshkent shahrida 480 mln. so‘mgacha, hududlarda esa 380 mln. so‘mgacha ipoteka kreditlari ajratiladi.
Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun foto va video qayd etish tizimlari orqali aniqlangan holatlar bo‘yicha ham jarima ballari hisoblana boshlaydi. Endi kamera va radarlar orqali qayd etilgan qoidabuzarliklar nafaqat jarima, balki ball tizimiga ham ta’sir ko‘rsatadi.
Davlat tibbiyot muassasalarida besh kunlik ish haftasi joriy etiladi. Bu shifoxona va poliklinikalar ish faoliyatini yanada samarali tashkil etishga qaratilgan. 1-apreldan Mudofaa vazirligi ofitserlari uchun ko‘p yillik xizmat ustamasi ikki barobarga oshiriladi. Kontrakt asosida xizmat qilayotgan askar va serjantlar oylik maoshi 10 foizga ko‘paytiriladi. Shuningdek, Qurolli Kuchlarda 30 yildan ortiq xizmat qilgan harbiylar uchun pensiya hisoblashda inobatga olinadigan oylik miqdor 75 foizdan 100 foizga yetkaziladi.
Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlarga harbiy qismda turib oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini topshirish imkoniyati yaratiladi. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan yoshlar xizmatni tugatgach, ta’limni davom ettirishi mumkin.
Armiyadan qaytgan yoshlarga xorijiy til va fan sertifikatlari xarajatlari qoplab beriladi. Shuningdek, kontrakt asosida ta’lim oluvchilar uchun foizsiz ta’lim krediti ajratiladi. Bundan tashqari, tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarning kredit foizining 6 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi.
Prezident topshirig‘iga ko‘ra, 1-apreldan “Kelajak tadbirkori” dasturi ham ishga tushiriladi. Ushbu dastur doirasida yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatgacha 15 foizli kreditlar ajratiladi.
Mazkur o‘zgarishlar aholiga qulaylik yaratish, iqtisodiy faollikni oshirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA