Zulfiyaxonim qizlari yanada faol bo‘lsin
Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari ishtirokida "Islohotlar va yurt taraqqiyotiga mening hissam" mavzusida videomuloqot o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalari ishtirok etdi.
Videomuloqot davomida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malikaxon Qodirxonova, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Gulnora Ma’rufova va boshqalar mamlakatimizda xotin-qizlarning iqtidorini aniqlash uchun cheksiz imkoniyatlar yaratilayotganini ta’kidladilar.
Mamlakatimizda ta’sis etilgan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti barkamol, oqila xotin-qizlarni aniqlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xotin-qizlarning adabiyot, san’at, fan va madaniyatni rivojlantirishdagi yutuqlari, ibratli faoliyati, keng ko‘lamli islohotlarni jadallashtirishdagi faol ishtirokini rag‘batlantirish maqsadida har yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri vakillari ikkitadan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanishi an’anaga kirgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 martdagi tegishli farmoniga muvofiq, "Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini ta’sis etish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida"gi farmoniga o‘zgartishlar kiritildi.
Endilikda har bir viloyatdan ikki nafardan hamda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan iqtidorli qizlar 7 yo‘nalishda ushbu nufuzli mukofot sohibasi bo‘lishdek imkoniyatni qo‘lga kiritdilar.
Tadbirda qayd etilganidek, Zulfiyaxonim izdoshlari eng namunali, ibratli qizlar bo‘lmog‘i zarur. Zero, O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiyaxonim sadoqat, barkamollik, izlanuvchanlik va iste’dod timsoli edilar.
Videomuloqot davomida ta’kidlanganidek, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ta’sis etilganidan buyon ushbu mukofot bilan jami 396 nafar iqtidorli qizlar taqdirlangan bo‘lib, ularning 89 nafari adabiyot, 84 nafari san’at, 69 nafari madaniyat, 56 nafari ta’lim, 50 nafari fan, 41 nafari sport va 7 nafari jamoatchilik yo‘nalishlarida mukofot sohibasi bo‘lgan.
bugungi kunda mukofot sovrindorlari davlat va jamiyat boshqaruvining turli sohalarida xizmat qilmoqda, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 7 mart kuni qabul qilingan "Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish borasida tub burilish davri bo‘ldi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 1 martdagi tegishli qarori bilan oila institutini mustahkamlash va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha belgilangan davlat siyosati asosiy yo‘nalishlarining eng birinchisi ham xotin-qizlarning ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar olishi, munosib ish topishiga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli yosh xotin-qizlarni aniqlash va ularning qobiliyatini to‘g‘ri yo‘naltirish, gender tenglikka oid siyosatni davom ettirish, ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini yuksaltirish yuzasidan islohotlarni amalga oshirish ekanligi belgilab qo‘yilgan.
–Men 2001 yilda birinchilardan bo‘lib Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga loyiq topilganman, – dedi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, bastakor Oydin Abdullayeva . – Har bir sohada ayollarning faolligi tobora ortib bormoqda. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti katta mas’uliyat demakdir. Qizlar uchun imtiyoz va imkoniyatlar kun sayin ortib borayotgani quvonarlidir. Bunday ne’matlarni to‘g‘ri tushunish, qadriga yetish va atrofdagilarga to‘g‘ri yetkazish juda muhimdir.
Tadbirda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlarining bugungi kundagi ijodi va faoliyatini ommalashtirish, xotin-qizlar bilan manzilli ishlashda mukofot sovrindorlarining imkoniyatlaridan unumli foydalanish,
Zulfiyaxonim qizlarining davlat va jamiyat hayotida faol ishtirokini ta’minlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishdagi ishtirokini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha fikr almashildi. Kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Nazokat USMONOVA, O‘zA