Zovur bo‘ylarida o‘rdak boqilyapti
Yozyovon tumani asosan Markaziy Farg‘ona cho‘llarida joylashgan. Yerlarning suv ta’minotida muammolar oz emas. Shuning uchun sug‘orishda tashlama suvlardan ham foydalanilar edi.
Yozyovonlik dehqonlar tadbirkorgina emas, izlanuvchan ham ekan. Ular yangi yo‘nalish – zovurlarda o‘rdak boqishni yo‘lga qo‘yishmoqda. Tumandagi 4 ta MFY hududidagi 12,8 km zovurlar o‘rdak boqish uchun tanlab olingan. Bu joylarda 5700 ta o‘rdak boqish va 57 nafar fuqaroning bandligi ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, bu yerda boqilayotgan pekin zotli o‘rdak yiliga o‘rtacha 120 dona tuxum beradi. Uch oyda xo‘rozining tirik vazni 3 kg, makiyoni 2,5 kg.gacha et oladi. Bir kilo o‘rdak go‘shti hozir 45 ming so‘m, tuxumi 3000 so‘mdan sotilyapti.
Zovur bo‘yida uch oy davomida 100 ta o‘rdak boqishga 3 mln 835 ming so‘m harajat qilgan xonadon egalari 12 mln 665 ming so‘m sof foyda oldilar.

Muhammadjon Obidov, O‘zA