Zominda yana 20 ta mehmon uyi ro‘yxatga olindi
Jizzax viloyatining Zomin tumanidagi «Duoba» qishlog‘ida 20 ta mehmon uylari barpo etiladigan bo‘ldi.
Bu haqda ushbu qishloqda Turizm va sport vazirligi tashabbusi bilan tuman davlat xizmatlari markazi, soliq inspeksiyasi, tijorat banklari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan sayyor qabulda ma’lum qilindi.
Sayyor qabulga kelganlarga tadbirkorlik faoliyatlarini boshlash, o‘zlari yashab turgan xonadonlarida oilaviy mehmon uylarini tashkil etish bo‘yicha batafsil ma’lumot, ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollariga to‘liq javoblar berildi. Ushbu yo‘nalishda faoliyat boshlash istagida bo‘lgan fuqarolar shu joyning o‘zida davlat xizmatlari markazi tomonidan yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilib, guvohnomalari berildi.
Guvohnomalariga ega bo‘lgan tadbirkorlardan oilaviy mehmon uylarini tashkil etishga tayyor bo‘lgan 20 nafar xonadon egalariga oilaviy mehmon uylari va xostellar yagona reyestridan ko‘chirmalar hamda Turizm va sport vazirligining sovg‘alari topshirildi.
– Zomin tumanining eng xushmanzara qishloqlaridan biri bo‘lgan Duoba qishlog‘ida mehmon uylari ochgan xonadon sohiblari bu qarorga birdaniga kelgan emas, – deydi viloyat turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi boshlig‘i Aziz Egamberdiyev. – Keyingi yillarda mehmon uylari xizmatini yo‘lga qo‘yishda tumandagi qishloqlarda o‘rgansa bo‘ladigan tajriba bor. Prezidentimizning joriy yil 6 apreldagi «Zomin» turistik-rekreatsion zonasini va xalqaro umummavsumiy kurortni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilinishi bilan bu ishga talabgorlar soni yana ortdi. Ushbu farmon bilan Zominning sayyohlik va dam olish yil davomida uzluksiz yo‘lga qo‘yilishi mehmonxona biznesining rivojlanishiga, uy mehmonxonalarning ko‘payishiga imkoniyat yaratadi.
T.Beknazarov, O‘zA