Zohidjon Ismoilov: “O‘zbekiston tibbiyoti – dunyoga mashhur bo‘lsin”
O‘zbekiston mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq mutlaqo yangicha mohiyat kasb etadigan sog‘liqni saqlashni tubdan isloh etishda sog‘lom avlodni tarbiyalash va tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasini yangi pog‘onaga ko‘tarish g‘oyasini ilgari surdi va davlat siyosati darajasiga ko‘tardi. Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash va aholi salomatligini muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar bugun o‘z samaralarini bermoqda.
Ayniqsa, bolalar nevrologiyasi va reabilitatsiyasi mamlakatimizda yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Autizm, serebral falaj, epilepsiya va boshqa nevrologik kasalliklarga chalingan bolalar uchun ilg‘or davolash usullari joriy etilyapti. Erta tashxis, noyob reabilitatsiya dasturlari va tibbiy-ijtimoiy yondashuv orqali bolalarning rivojlanishi sezilarli darajada yaxshilanyapti. Bolalar reabilitatsiyasida ham katta o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Zamonaviy fizioterapiya, logopedik yordam, ijtimoiy-psixologik qo‘llab-quvvatlash va intensiv reabilitatsiya dasturlari tufayli bolalarning harakat qobiliyati, nutqi va ijtimoiy ko‘nikmalari yaxshilanyapti. O‘zbekiston shifokorlari bu borada xalqaro tajribadan foydalanib milliy tizimni takomillashtirmoqda.
Respublika bolalar tayanch-harakat tizimi kasalliklari reabilitatsiya markazining ilmiy ishlar, xalqaro aloqalar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha komissiya raisi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi a’lochisi, oliy toifali bolalar nevropatologi Zohidjon Ismoilovniнг bolalar nevrologiyasi sohasidagi ilmiy-amaliy faoliyati ham tahsinga sazovor. Uning tizim rivojidagi ishlari nafaqat Markaziy Osiyoda, balki Yevropa, Amerika va Osiyoning ko‘p davlatlarida e’tirof etilgan. U yuzдан ziyod ilmiy va o‘quv-uslubiy maqolalar muallifi hamdir. Jumladan, bitta monografiya, to‘rtta o‘quv mualliflik guvohnomasi va sakkizta intellektual mulk ro‘yxatdan o‘tkazilgan (DGU).
Izlanuvchan, o‘qish va intilishdan charchamaydigan yosh olim Zohidjon Ismoilov o‘z sohasining sir-asrorlarni yanada mukammal egallashga harakat qilmoqda. Yana bir e’tiborli jihat uning “Ildiz” nomli ilk badiiy asari ko‘pchilikka manzur bo‘lmoqda. Mazkur asarda o‘smir yigit maktabni tugatib nima qilishini bilmayotgan bo‘lsa, xulosa chiqarishi uchun, dadil qadam bosishi uchun jo‘yali maslahatlar bor. Endigina institutni bitirgan yoshlar yetuk mutaxassis bo‘lish borasidagi kerakli tavsiyalarni shu asardan olishi mumkin. Mutaxassislar esa o‘z sohalarida yangilik yaratish uchun ikkilanayotgan bo‘lsa “Ildiz”ni o‘qib qat’iy qarorga keladi.
Iqtidorli olim Zohidjon Ismoilov biz bilan suhbatda kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishi, doktorlik ilmiy ishi, shifokorlik kasbi va uning o‘ziga xos jihatlari haqida gapirib berdi.
– Bolaligimdan adabiyotga, tarixga qiziqaman, – deydi Zohidjon Ismoilov. – Tarixiy kitoblarni ko‘p o‘qiyman. Men tarixchi emasman, lekin tariximizni, millatimizni, o‘zligimizni yaxshi ko‘raman. O‘zbekistonda tug‘ilganimdan, o‘zbekligimdan faxrlanaman. To‘g‘risini aytsam ayrim yurtdoshlarimizni tushunmayman. To‘rt-besh yil chet elda yashab o‘z yurti, o‘zligini unutib qo‘yadi. Bu noto‘g‘ri. Menga ham xorijda ishlab yashashga ko‘p takliflar bo‘lgan. Ularni rad etganman. Chunki ona yurtimni hech qaysi davlatga alishmayman, qolaversa, ota-onam, ukalarim, singillarim shu yerda. Bugungi kungacha nimagaki erishgan bo‘lsam hammasida ota-onamning mehnatlari bor. Men butun dunyoni aylanib chiqishim mumkin, ammo ishlash va yashash uchun chet davlatlarga qolib ketmayman.
Ustoz otangdek ulug‘...
Ustoz jamiyatni olg‘a boshlovchi va uning ertangi куnini ta’minlovchi, ta’bir joiz bo‘lsa, bir yo‘lchi юлдуздир. Ustozsiz hech bir jamiyat kamolga yetmagan, аксинча, inqirozga yuz tutgan. Shuning uchun ham халқимизда “Ustoz otangdek ulug‘”, “Ustoz ko‘rmagan shogird har maqomga yo‘rg‘alar” degan chiroyli iboralar bor. Shundoq ekan, ustozning ham ota-onadek haqi bor.
Nomzodlik ishini yoqlab bo‘lganimdan keyin bo‘ldi endi ilmiy ish qilmayman, deb yurardim. Biroq, bizni sohada ilm o‘rganishdan to‘xtab bo‘lmasligini o‘ylab doktorlik qilishga ahd qildim. Baribir ishlayapman, ilmiy izlanyapman. Har kuni yangi g‘oyalar chiqib kelyapti. Mavzu tanladim. Ustozim Elbek Mirshavkatovich siz allaqachon yoqlashingiz kerak edi. Doktorlik qilmasangiz bo‘lmaydi, deb menga doimo motivatsiya berdi. Shunday qilib doktorlik uchun “Bolalarda pereferik asab tizimi kasalliklarini kompleks reabilitatsiyasi” mavzusini tanladim. Professor Elbek Mirshavkatovich meni qo‘llab-quvvatladi. Nima yordam kerak bo‘lsa so‘rayvering ko‘maklashamiz, deb rag‘batlantirdi. Ishni boshlab yubordim. 2023 yilda ingliz tilida o‘nta maqolam chiqdi. Beshta tezis chop etildi. Yana o‘nta maqola, o‘n beshta tezis, bitta uslubiy qo‘llanmani tayyorlab qo‘yganman. Ana shularni oxiriga yetkazib, 2025 yilda tibbiyot fanlari doktori bo‘lishni maqsad qilganman. Ilmiy ishimdan amaliyotda va fanda to‘liq foydalanishlarini istayman. Hozir zamon shunchalik tezkorki, bugun yangilik deb aytgan narsalarimiz bir yildan keyin umuman keraksizga chiqishi mumkin. Shu sababli ko‘pchilikni qiziqtiradigan, kasallarga yordami tegadigan mavzuni tanladim. Albatta oson bo‘lmadi. Lekin harakat qildim. Mening ishimdan foydalanib yoshlar modifikatsion ishlar qilishini juda xohlayman. Mavzu jarangdor bo‘lmasada, har kuni amaliyotda qo‘llaniladigan, oddiy bo‘lsada bemorga foydasi tegadigan, faqat katta- katta markazlarda emas, chekka-chekka hududlardagi shifokorlar ham foydalana oladigan ish bo‘lishini xohladim.
Kitobday sadoqatli do‘st yo‘q
Kitob va kitobxonlik inson ong-tafakkurini teranlashtirib, qalbiga eng go‘zal ezgu niyatlarni joylaydigan, ularni yaxshiliklar olamiga yetaklaydigan ma’naviyat sarchashmasidir. Shuning uchun har doim kitob o‘qishga ehtiyojimiz bor. Juda ko‘p kitob o‘qiyman. Eng yaxshi ko‘rgan asarim Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar”. Bu asarni yig‘lab o‘qiyman. Zahiriddin Muhammad Boburning qizi Gulbadanbegim tomonidan jiyani Akbarning buyrug‘i bilan yozilgan memuar asar “Xumoyunnoma” ni sevib o‘qiganman. Asarda “Boburnoma” asari voqealarining davomi tilga olinib, 15 -asr boshlaridagi Movarounnahr, Afg‘oniston, Hindistonning siyosiy, tarixiy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy hayoti haqida so‘z boradi. Gulbadanbegim Boburning an’analarini davom ettirib asarda o‘sha davrdagi tarixnavistlik, adabiyot, etnografik izlanishlarini ham keltirib o‘tgan. Gulbadanbegim Bobur hukmronligi davri voqealarini qisqacha, Xumoyun hukmronligi davrini batafsil yoritgan. Asarning 80 varaqdan iborat yagona qo‘l yozma nusxasi Britaniya muzeyida saqlanadi. Bu kitobni g‘urur bilan o‘qiyman. Yaponlarning “Dzin tarixi”ni qiziqib o‘qidim. “Saodat asri”, “Payg‘ambarlar tarixi”ni to‘lqinlanib, yig‘lab – yig‘lab o‘qidim. Hayotda hech narsaga osonlik bilan erishib bo‘lmasligini o‘rgandim. Men uchun katta maktab bo‘ldi. Deyl Karnegining psixologiya mavzusidagi kitoblarini ko‘p o‘qiyman. Odatda tarixiy kitoblarni o‘qishni yaxshi ko‘raman. Alisher Navoiyning “Xamsa” asarini yaxshi ko‘rib o‘qiganman. Asardagi voqealarni ichida yashaganman. “Saddi Iskandariy” dostonidagi muhabbat meni o‘ziga maftun qilgan. Ularga shunchalik havas qilganmanki, o‘sha olamga tushib qolgandek bo‘lganman.
Kitoblar qalbimizni ilitadi, ko‘nglimizni yoritadi, baxtli va saodatli, nurli kunlarga boshlaydi. Dunyoni faqatgina ilm bilan zabt etish mumkin ekanligi haqidagi asl haqiqat bugun hech kimga sir emas. Ilmni mustahkam egallashning yo‘li esa bitta, ya’ni – kitob o‘qishdir.
Ko‘ngil kechinmalari...
Men – o‘zbekman. Va men iftixor bilan aytamanki, O‘zbekiston tibbiyoti butun dunyoga tanilishi kerak. Fransiyada o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada yurtimizdagi tibbiyot yutuqlari haqida gapirildi. Biz – ilmiy an’analarga ega, tibbiyot sohasini jadal rivojlantirayotgan millatmiz. Bugun yurtimizda bolalar sog‘lig‘i yo‘lidagi sa’y-harakatlar xalqaro miqyosdagi natijalarga olib kelmoqda. Ayniqsa, bolalar nevrologiyasi va reabilitatsiyasi O‘zbekistonda yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
O‘zbekiston tibbiyoti – bolalar kelajagi uchun xizmat qiladi. Biz bolalar sog‘lig‘i uchun intilyapmiz, bilim va tajribaga tayanamiz, har bir bola o‘zining to‘liq imkoniyatlarini namoyon etishi uchun fidoyilik bilan mehnat qilamiz. Biz yoshlar bizga yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, yurtimizning tibbiyot sohasidagi yutuqlarini dunyoga tanitishda davom ettiraveramiz.
Istagim shuki, O‘zbekiston tibbiyoti – dunyoga mashhur bo‘lsin.
Ziyoda Eshmurodova yozib oldi