Ziyoviddin Hojiniyozov – Xalqaro kurash assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti etib saylandi
Xalqaro kurash assotsiatsiyasi - IKA Boshqaruv qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish kun tartibiga kiritilgan o‘nga yaqin masala doirasida tashkilot faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari va kelgusi rejalar atroflicha muhokama qilindi.
Jumladan, Shveysariya, Italiya va Shri-Lanka kurash federatsiyalarining IKA a’zoligiga qabul qilinishi masalasi yuzasidan fikr almashildi. Mazkur masala bo‘yicha yakuniy qaror Qozog‘istonda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati doirasida tashkil etiladigan IKA Kongressi muhokamasiga kiritilishi belgilandi.
Shuningdek, qit’aviy chempionatlarni tizimli ravishda tashkil etish hamda Xalqaro ko‘zi ojizlar sporti federatsiyasi (IBSA) dasturi doirasida kurash musobaqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari ham diqqat markazida bo‘ldi. Bu tashabbuslar kurashning qamrovini kengaytirish va uni inklyuziv sport turi sifatida rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Yig‘ilishga raislik qilgan IKA Prezidenti Haydar Farmon tashkiliy masalaga alohida to‘xtalib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, uzoq yillar davomida tashkilot birinchi vitse-prezidenti sifatida samarali faoliyat yuritgan, hindistonlik davlat va jamoat arbobi Jagdish Tatlerning iste’fo haqidagi murojaati Boshqaruv qo‘mitasi tomonidan qabul qilindi.
IKA birinchi vitse-prezidenti lavozimiga IKAning xalqaro hamkorlik va o‘yinlar bo‘yicha vitse-prezidenti sifatida faoliyat olib borayotgan Ziyoviddin Hojiniyozov nomzodi bir ovozdan ma’qullandi.
Ziyoviddin Hojiniyozov kurash harakatida katta tajriba va mustahkam nufuzga ega mutaxassislardan biri hisoblanadi. U 2000-yildan buyon Xalqaro kurash assotsiatsiyasi tizimida turli mas’ul lavozimlarda, jumladan, Xalqaro aloqalar departamenti direktori, Bosh kotib o‘rinbosari, shuningdek, Osiyo kurash konfederatsiyasi Bosh kotibi sifatida faoliyat yuritgan.
Uning bevosita ishtirokida va tashkiliy salohiyati tufayli kurash bo‘yicha 100 dan ortiq nufuzli xalqaro turnirlar, qit’a va jahon chempionatlari, shuningdek, Osiyo o‘yinlari doirasidagi musobaqalar yuqori darajada tashkil etilgan.
Mazkur tayinlov kurashni xalqaro maydonda yanada tizimli rivojlantirish, uning nufuzini oshirish va yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida muhim qadamdir.
N.Rahmonova,
O‘zA