Ziroat Mirziyoyeva va JSST rahbari bolalar onkologiyasi markazidagi islohotlar bilan tanishdi
"Zamin" fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori doktor Tedros Adxanom Gebreyesus Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga tashrif buyurdilar.
Mehmonlarga JSST ko‘magida bolalar onkologiyasi xizmatini rivojlantirish bo‘yicha milliy strategiya doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, bemorlarni yo‘naltirishning raqamli tizimini joriy etish, mintaqaviy infratuzilmani mustahkamlash, shuningdek, kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarni joriy etish platformasi sifatida Xalqaro akademik xabni rivojlantirish natijalari haqida ma’lumot berildi.

Tashrif doirasida "Mehrli maktab" gospital maktabi o‘quvchilari Ziroat Mirziyoyeva va Tedros Adxanom Gebreyesusni iliq tabassum bilan kutib oldi, pedagoglar esa uzoq muddat davolanayotgan bolalarni ijtimoiy-psixologik qo‘llab-quvvatlash va pedagogik hamrohlik qilish ishlari bilan tanishtirdi.











O‘zA