Zelenskiy Rossiya dronlari uning samolyotiga ikki marta hujum qilganini aytdi (+video)
TRT kanali xabariga ko‘ra, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘z intervyusida so‘nggi bir necha hafta ichida Rossiya dronlari uning samolyotiga ikki marta hujum qilganini aytgan. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, birinchi voqea u prezidentlik samolyotida Norvegiyaga yo‘l olgan paytda Moldovada sodir bo‘lgan.
«Moldovada mening prezidentlik samolyotim bor edi va shuning uchun ular Moldovaga hujum qilishdi», — dedi u. Norvegiya bosh vaziri ham 9-sentabr kuni Rossiya droni Moldova havo hududida Zelenskiyning samolyotiga xavf tug‘dirganini aytgan.
Shuningdek, Zelenskiy avval jamoatchilikka ma’lum qilinmagan ikkinchi voqea haqida ham gapirdi. Uning aytishicha, bir necha kun o‘tib, prezidentlik samolyoti Ukrainaga qaytib ketayotgan paytda Moldova havo hududida bir nechta dron yana ta’qib qilgan. Lekin, Ukraina prezidenti delegatsiyasining a’zolariga zarar yetmagan.
Ukraina rahbari bu voqealarni uni va boshqa xorijiy davlat rahbarlarini Rossiya tomonidan qilinayotgan qo‘rqitish strategiyasining bir qismi deb hisoblaydi. Avvalroq, dron bilan bog‘liq birinchi hodisa haqida xabarlar tarqalgan bo‘lsada, ataylab yoki tasodifiy sodir etilgani aniq emas edi.
Zelenskiy, shuningdek, Rossiya tomoni yakshanba kuni Ukrainaga yo‘l olgan xorijiy delegatsiya a’zolari ketayotgan poyezdni ham ataylab nishonga olgan bo‘lishlari mumkinligini bildirdi. Yo‘lovchilar orasida Yevropaning yuqori lavozimli amaldorlari va Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq direktori Devid Petreus ham bo‘lgan. Rossiya droni zarbasidan so‘ng ular Polsha chegarasi yaqinida poyezdni tark etib, evakuatsiya qilinishiga to‘g‘ri kelgan.
«Balkim, ular u yerda amerikaliklar borligini bilmagandir. Yoki bilib turib qilgan bo‘lishlari ham mumkin, chunki men ularga ishonmayman. Mening taxminimcha, ular bilgan»,— dedi Zelenskiy.
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi oylarda noma’lum dronlar Yevropa davlatlarining havo hududiga tobora ko‘proq kirib kelmoqda. Ayrim dronlar bevosita Rossiya bilan bog‘liq bo‘lgani aytilmoqda. Litva harbiylarining ma’lum qilishicha, seshanba kuni NATO qiruvchi samolyotlari birinchi marta Litva havo hududidagi dronni urib tushirgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/082c7Ab3Hlk" title="Zelenskiy Rossiya dronlari uning samolyotiga ikki marta hujum qilganini aytdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ktenja Bekjonov, A.Axmedov.O‘zA