“Zarubejneft” delegatsiyasi Buxoro NQIZda
Buxoro neftni qayta ishlash zavodida “Zarubejneft” delegatsiyasi ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tanishuv davomida mehmonlarga korxonaning asosiy texnologik ob’ektlari ko‘rsatildi. Zavod qurilmalarini boshqarish jarayonlari tanishtirildi. Mehmonlarga bir joydan bir vaqtning o‘zida bir nechta texnologik jarayonlarni amalga oshirish imkonini beruvchi markaziy boshqaruv pulti namoyish etildi.

“Zarubejneft” vakillariga korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Bugungi kunda korxonada 9 turdagi, jumladan, 22 dan ortiq markadagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda.
Mehmonlar mahsulotning har bir partiyasi yakuniy iste’molchiga yetib borishigacha bo‘lgan ish bosqichlari bilan tanishdi. Delegatsiya a’zolari quyish-to‘kish estokadasi joylashgan hududda ham bo‘ldi. Zavod xodimlari uchun sut mahsulotlari tarqatish punkti, jismoniy sog‘lomlashtirish majmuasi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

“Zarubejneft” delegatsiyasining ishchi tashrifi do‘stona va samimiy ruhda o‘tdi. Mehmonlar samarali va mazmunli taqdimot uchun korxona rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.
Ma’lumot uchun: “Zarubejneft” – Rossiyaning neft va gaz kompaniyasi. Rossiya va xorijdagi neft va gaz konlarini o‘zlashtirish, uglevodorod resurslarini samarali va kompleks ishlab chiqarishni ta’minlashga ixtisoslashgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri