Zarshodabegim 14 yoshida qayta “tug‘ildi”
Kattaqo‘rg‘onlik Zarshodabegim hozir 14 yoshda. Kattaqo‘rg‘on shahridagi 8-sonli maktabning 8-sinf o‘quvchisi. U bugungacha barcha tengdoshlari qatori shaxsini tasdiqlovchi biror bir hujjatga ega emas edi. Chunki uning tug‘ilganligi rasman qayd qilinmagan.
Nigora Davronova (Zarshodabegimning onasi) 2005 yilda oila qurgach, 4 nafar farzand ko‘rdi. Qonuniy nikohdan o‘tmagani bois, farzandlarning barchasi ham vaqtida tug‘ilganlik guvohnomasiga ega bo‘lmagan. Biri tug‘iliboq rasman qayd etilgan bo‘lsa, boshqalari muddati o‘tib hujjatli bo‘lishdi. Ikkinchi farzandi — Zarshodabegim ayrim sabablarga ko‘ra, uy sharoitida dunyoga keldi. Biroq u ota-onasi va kattalarning beparvoligi sabab rasman fuqaro bo‘lishni 14 yil kutishiga to‘g‘ri keldi.
Er-xotin 2013 yilda qonuniy nikohdan o‘tishdi. Lekin yana bolaning masalasi e’tibordan chetda qoldi. Kattaqo‘rg‘on shahar FHDYO bo‘limi xodimlarining yordami, amaliy ko‘magi bilan Zarshodabegim Izzatova joriy yilning 31 yanvarida, 14 yoshida tug‘ilganlik guvohnomasini oldi. Endi u ushbu hujjat bilan har qanday joyda fuqaroligini tasdiqlashi, boshqa yoshlar kabi qator huquqlardan foydalanishi mumkin.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, 2021 yilda viloyatda 111 mingdan ortiq tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvlari rasmiylashtirilgan bo‘lib, ularning 2 881 tasi muddatini o‘tkazib qayd qilingan.
DXA Samarqand viloyat boshqarmasi
Axborot xizmati