Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasi qo‘llab-quvvatlanadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish sohasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, qimmatbaho metallarni qayta ishlashning yillik hajmi 7 tonnaga, zargarlik buyumlarini eksport qilish ko‘rsatkichlari 300 million AQSH dollariga yetkaziladi. Qimmatbaho metallar va zargarlik buyumlarining norasmiy aylanmasi kamida 50 foizga qisqartiriladi. Zargarlik buyumlari ishlab chiqarish sanoat darajasiga olib chiqiladi, xalqaro bozorlarda raqobatbardosh va zamonaviy dizaynga ega zargarlik buyumlari ishlab chiqarilishi qo‘llab-quvvatlanadi. Shuningdek, zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va realizatsiya qilish sohasida samarali nazorat tizimi joriy etiladi.
2025 yil 15 iyuldan boshlab:
a) Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 23 iyuldagi PF-104-son Farmonida nazarda tutilgan maqsadli resurslarni banklarga depozitga joylashtirish bilan bir qatorda Markaziy bankning asosiy stavkasidan 3 foiz bandga past foiz stavkasida 5 yilgacha muddatga lizing tashkilotlariga kredit liniyasi sifatida ajratishga ham ruxsat beriladi. Bunda lizing tashkilotlari ajratilgan kredit liniyasi hisobidan zargarlik sanoatida ishlatiladigan asbob-uskuna, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlarni 2 yillik imtiyozli davr bilan 5 yilgacha bo‘lgan muddatga Markaziy bankning asosiy stavkasida, foizlarni qarzdorlik qoldik, qismiga hisoblash tartibida lizingga beradi;
b) belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kiriladigan va O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan hamda zargarlik sanoatida foydalaniladigan asbob-uskunalar, ehtiyot qismlari, butlovchi buyumlar va sarflov vositalari 2028 yil 1 iyulga qadar bojxona bojidan ozod etiladi;
v) "Navoiy KMK" AJ va "Olmaliq KMK" AJ tomonidan qimmatbaho metallarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida va kechiktirib to‘lash sharti bilan sotish tartibi 2030 yil 1 yanvarga qadar uzaytiriladi.
Zargarlik markazlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlariga quyidagi qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladi:
a) qimmatbaho metallarni kechiktirib to‘lash sharti bilan sotishda 90 kun ichida amalga oshirilgan to‘lovlar qismiga foiz hisoblanmaydi, 91-kundan boshlab 180-kungacha amalga oshirilgan to‘lovlar qismiga - yillik 3 foiz miqdorida foiz hisoblanadi;
b) zargarlik markazlarida "O‘zbekzargarsanoati" uyushmasi va Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasining filiallari faoliyati (sayyor xizmat ko‘rsatish) yo‘lga qo‘yiladi hamda zargarlik buyumlari va qimmatbaho toshlarni tezkor diagnostika qilish laboratoriyasi tashkil etiladi;
v) zargarlik markazlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari "o‘zbekzargarsanoati" uyushmasiga a’zo bo‘lganda a’zolik badalini 50 foizlik chegirma bilan to‘laydi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab quyidagilar bekor qilinadi:
qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan ishlab chiqarilgan zargarlik buyumlari va yarim tayyor mahsulotlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmani qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilishga oid imtiyoz;
oltindan yasalgan zargarlik buyumlarini chakana savdoda sotganlik uchun yig‘im;
b) zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish yoki ularni sotish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari daromadidan qat’i nazar, qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchilar deb e’tirof etiladi;
v) 2028 yil 1 yanvarga qadar zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar qo‘shilgan qiymat solig‘i bazasini zargarlik buyumlari va yarim tayyor mahsulotlarni realizatsiya qilish narxi hamda ular tarkibidagi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar narxi o‘rtasidagi ijobiy farqdan kelib chiqib aniqlaydi.
2028 yil 1 yanvarga qadar zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish yoki ularni sotish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga ular tomonidan byudjetga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining 80 foizi har oyning 25-sanasigacha avtomatik ravishda O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan qaytariladi.
2026 yil 1 yanvarga qadar:
a) Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasi va soliq organlari xodimlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarida qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risidagi qonunchilikka oid huquqbuzarliklar aniqlanganda ular birinchi marta ogohlantiriladi;
b) ogohlantirishdan so‘ng bir oy muddatda huquqbuzarlik bartaraf etilmagani yoki takroran aniqlangani Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasi va soliq organlari tomonidan sayyor tekshiruv o‘tkazishga asos bo‘ladi;
v) sayyor tekshiruv faqat qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risidagi qonunchilikka oid huquqbuzarliklar bo‘yicha o‘tkaziladi hamda tekshiruv boshlangandan so‘ng 24 soat ichida "Yagona davlat nazorati" axborot tizimida ro‘yxatga olish orqali Biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibida amalga oshiriladi.
Sayyor tekshiruv natijalari bo‘yicha rasmiylashtirilgan dalolatnoma va qaror tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan qonunchilikda belgilangan javobgarlik choralarini ko‘rishga asos bo‘ladi.
O‘zA