"Zarbdor tajribasi" Yuqori Chirchiq qiyofasini o‘zgartirmoqda
Toshkent viloyatida aholi uchun qulay va zamonaviy jamoat maskanlarini barpo etish, hududlarni obodonlashtirish hamda turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Bu borada Yuqori Chirchiq tumanida amalga oshirilgan loyihalar bilan jurnalistlar uchun tashkil etilgan press-tur doirasida tanishildi.
Dastlabki manzil tuman markazida yangidan obod etilgan “Mustaqillik maydoni” bo‘ldi. Bu yerda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari natijasida aholining mazmunli hordiq chiqarishi, ommaviy tadbirlarni o‘tkazishi va dam olishi uchun zamonaviy infratuzilma yaratilgan.

Ayniqsa, bu joy tungi yorug‘liklar bag‘rida yanada ko‘rkam va fayzli qiyofa kasb etadi. Maydondagi rang-barang chiroqlar, musiqa sadolari ostida jilvalanib turgan favvoralar tashrif buyuruvchilarga o‘ziga xos kayfiyat bag‘ishlamoqda. Arkalardagi chiroqlar va baland hilpirab turgan Davlat bayrog‘imiz esa bu maskanga yanada ulug‘vor ko‘rinish bag‘ishlab turibdi. Shu bilan birga, maydonga tutash joylashgan “Abu Hanifa” masjidi ham tungi yoritish tizimi bilan yanada salobatli va ko‘rkam namoyon bo‘lmoqda.

Bepul Wi-Fi zonasi hududida esa yoshlar va fuqarolar internet xizmatlaridan erkin foydalanib, mazmunli hordiq chiqarmoqda. Bolalarning quvonchli kulgisi, oilalarning suhbatlari va sokin muhit markazga yanada iliq fayz bag‘ishlamoqda. Umuman olganda, Mustaqillik maydoni bugungi kunda aholi uchun eng sevimli dam olish maskanlaridan biriga aylanib, o‘zining betakror go‘zalligi va zamonaviy qiyofasi bilan barchani maftun etmoqda.

Shundan so‘ng OAV vakillari Qorasuv daryosi ustida “Zarbdor tajribasi” asosida qurilgan piyodalar ko‘prigi va qariyb 5 kilometrlik piyodalar yo‘lagi bilan tanishdi. Loyiha aholining xavfsiz harakatlanishini ta’minlash, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish hamda daryo sohilining ekologik va estetik qiyofasini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Mazkur ishlar Prezidentining 2024-yil 20-dekabrdagi “Hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish va aholi bandligini ta’minlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish hamda bu borada mahalliy hokimliklarning roli va mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda. Joriy yilda tumanda xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishga qaratilgan “drayver” loyihasi shakllantirildi. Xususan, “Ma’rifat” mahallasidagi Sohil bo‘yi ko‘chasida 2,10 gektar maydonda “Sohil bo‘yi” dam olish maskani barpo etildi. Bu sa’y-harakatlar uchun davlat byudjeti hisobidan 4 milliard 940 million so‘m mablag‘ ajratildi.

– Hududimizdagi bu kabi o‘zgarishlardan juda xursandmiz, – deydi tumanda yashovchi fuqaro Surayyo Hasanova. – Farzandlarimizni sayrga olib chiqamiz. Avvallari bu joylar biroz qarovsiz edi. Bu kabi qulayliklar tufayli tuman markazida harakatlanish yanada yaxshilandi.
Press-turning keyingi manzili qayta rekonstruksiya qilingan Alisher Navoiy xiyoboni bo‘ldi. Bu yerda zamonaviy landshaft yechimlari asosida yashil hududlar kengaytirilib, sayr yo‘laklari, dam olish maskanlari va boshqa zarur infratuzilma ob’ektlari barpo etilgan. Shuningdek, ishtirokchilar Bo‘zsuv daryosi sohilida tashkil etilgan “Ma’naviyat xiyoboni”, “Yoshlar bog‘i” va “Nuroniylar bog‘i” faoliyati bilan tanishdi. Bu joylarda hozir milliy qadriyatlar va zamonaviy shaharsozlik yechimlari uyg‘unlashgan bo‘lib, sersoya sayr yo‘laklari, salomatlik yo‘laklari, gulzorlar, bolalar maydonchalari, amfiteatr, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari barpo etilgan.

– Mazkur bunyodkorlik ishlari tufayli avvalgiga qaraganda hozir bu maskanlarda hordiq chiqaruvchilar soni ortgan, – deydi Yuqori Chirchiq tumani hokimi o‘rinbosari Abdurashid Qoraboyev. – Tumanimiz markazidan 20 kilometr uzoqlikda joylashgan Jumabozor mahallasida ham xuddi shu kabi loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Buning uchun dastlabki hisob-kitoblarimizga ko‘ra, 9 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi kutilyapti.
Press-tur yakunida jurnalistlarga tumanda amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini takomillashtirish, aholi uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar yuzasidan ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, amalga oshirilayotgan bunday loyihalar hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi turmush sifatini oshirish va zamonaviy yashash muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
A.Musayev, O‘zA.