Zararkunandalarga qarshi kurashishning samarali yo‘li
Jizzax viloyatida qishloq xo‘jaligi zararkunandalariga qarshi kurashishda biologik usuldan keng foydalanilmoqda. Ellikka yaqin biolaboratoriyada yetishtirilayotgan mahsulotlar hosil unumdorligi va samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘layotir.
Jizzax viloyatida qishloq xo‘jaligi zararkunandalariga qarshi kurashishda biologik usuldan keng foydalanilmoqda. Ellikka yaqin biolaboratoriyada yetishtirilayotgan mahsulotlar hosil unumdorligi va samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘layotir.Zararli hasharotlarga qarshi kurashishda biologik usullarni qo‘llash ishonchli, foydali va samaralidir. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ekinni biologik usulda himoya qilish kimyoviy usulga nisbatan gektariga 700-800 ming so‘m tejamkorlikka erishish imkonini beradi.
102 ming gektardan ziyod maydonda paxta yetishtirayotgan viloyat fermerlari g‘o‘za parvarishida agrotexnik tadbirlarni sifatli o‘tkazish, xususan, zararkunandalarga qarshi kurashishda aynan biologik usuldan keng foydalanmoqda. Bu borada joylarda faoliyat yuritayotgan biolaboratoriyalar muhim ahamiyat kasb etayotir.
Mirzacho‘l tumanidagi “Yangidala oltinko‘zi” biolaboratoriyasida yetishtirilayotgan foydali hasharotlar zararkunandalariga qarshi kurashishda yaxshi samara bermoqda. 2007-yili ish boshlagan biolaboratoriyada biomahsulotlar ishlab chiqarish hajmi yildan-yilga ortmoqda. Jumladan, 2011-yilda 12,5 kilogramm trixogramma, 9,2 million dona oltinko‘z, 7,9 million dona xabrobrakon ishlab chiqarilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich ikki barobar oshdi. Yangi liniyalarning ishga tushirilishi biomahsulotlar sifati yaxshilanishini ta’minladi.
– Mutaxassislar g‘o‘za nihollari unib chiqqandan to paxta ochilgunga qadar ekin holatini kuzatib boradi, – deydi biolaboratoriya rahbari Shavkat Jovbo‘riyev. – Harorat ko‘tarilganda zararkunanda hasharotlarning ko‘payish xavfi yanada ortadi. O‘rgamchakkana, shira, ko‘sak qurti kabi zararkunandalar paydo bo‘lishi bilan maydonlar hajmiga qarab foydali hasharotlar tashlanadi. Hozir laboratoriyada hududdagi barcha maydonlarga yetarli oltinko‘z, trixogramma, xabrabrakon kabi foydali hasharotlar yetishtirilmoqda.