Zamonaviy kasb – yoshlar kelajagiga mustahkam poydevor
Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish hamda zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug Nukus garnizonidagi harbiy qismlarda xizmat qilayotgan muddatli harbiy xizmatchilar ana shunday ulkan imkoniyatlardan samarali foydalanmoqda. Ular harbiy xizmat bilan bir qatorda zamonaviy kasb va hunarlarni puxta o‘zlashtirib, kelajakdagi mustaqil hayotga dadil qadam qo‘ymoqdalar.
Shu maqsadda Nukus garnizonida tashkil etilgan o‘quv markazlarida ixtisoslashgan texnikum o‘qituvchilari tomonidan muntazam nazariy va amaliy mashg‘ulotlar olib borilmoqda. Mashg‘ulotlar davomida yoshlar axborot texnologiyalari, xorijiy tillar, mashinasozlik va boshqa istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha chuqur nazariy bilim hamda mustahkam amaliy ko‘nikmalarni egallamoqda. Malakali pedagoglar tomonidan ilg‘or ta’lim metodlari asosida tashkil etilayotgan darslar harbiy xizmatchilarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, zamonaviy kompetensiyalarni shakllantirish, mustaqil fikrlash va tashabbuskorlik fazilatlarini rivojlantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
[gallery-30380]
Amaliy mashg‘ulotlarning texnikumning zamonaviy moddiy-texnik bazasida tashkil etilgani ta’lim samaradorligini yanada oshirmoqda. Zamonaviy laboratoriyalar, maxsus ustaxonalar va innovatsion o‘quv jihozlari yoshlarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, kasb sirlarini haqiqiy ishlab chiqarish muhitiga yaqin sharoitda puxta egallash imkonini bermoqda. Bunday yondashuv esa ularning mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib shakllanishiga mustahkam zamin yaratadi.
Bugun harbiy xizmatni o‘tayotgan yigitlar nafaqat jangovar tayyorgarlikni mukammal egallab qolmay, balki ertangi hayotda o‘z o‘rnini topishga xizmat qiladigan zamonaviy bilim va kasblarni ham o‘zlashtirmoqda. Bu esa harbiy xizmatning mazmun-mohiyatini yanada boyitib, uni yoshlar uchun ulkan imkoniyatlar maydoniga aylantirmoqda.
Muddatli harbiy xizmat davomida kasb va hunar egallash tizimi xizmatni yakunlagan yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning tadbirkorlik faoliyatiga kirishi, ishlab chiqarish korxonalari va turli sohalarda samarali mehnat qilishi uchun mustahkam zamin yaratadi. Eng muhimi, bu tizim yoshlarning kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlab, ularni zamonaviy bilim va yuksak ma’naviyat egasi sifatida voyaga yetkazishga xizmat qilmoqda.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugda amalga oshirilayotgan bunday ezgu tashabbuslar inson kapitalini rivojlantirish, yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish hamda ularni zamon talablariga mos mutaxassis etib tayyorlash borasidagi keng ko‘lamli islohotlarning amaliy ifodasidir. Ushbu tizim orqali harbiy xizmatni o‘tab qaytgan har bir yigit nafaqat Vatan himoyachisi, balki jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladigan bilimli, malakali va raqobatbardosh mutaxassis sifatida hayotga yo‘llanma olmoqda.
Bugungi bilim ertangi taraqqiyot garovi, bugungi kasb kelajak farovonligi kaliti, bugungi harbiy xizmat esa yurt ravnaqi yo‘lida fidoyilik, mahorat va bunyodkorlik maktabidir. Ana shunday ezgu maqsadlar yo‘lida xizmat qilayotgan yoshlar safining tobora kengayib borayotgani esa Yangi O‘zbekistonning kuchli armiyasi va porloq kelajagi sari tashlangan ishonchli qadamlarning yorqin ifodasidir.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari