Zamonaviy kadrlar qanday bo‘lishi kerak?
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Namangan viloyati filiali hamda viloyat turizmni rivojlantirish boshkarmasi yoshlar bilan o‘tkazilgan avvalgi muloqotlarda bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olib navbatdagi uchrashuvni Namangan Davlat universiteti talabalari bilan turizm yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan rahbarlar ishtirokida tashkil etdi.
bugungi kunda universitetdagi “mehmonxona xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish” hamda “turizm” yo‘nalishlarida 151 nafar talabalar tahsil olmoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda turizm sohasi kundan-kunga jadal rivojlanayotgan sohalardan biri hisoblanadi. Bu borada ayniqsa, viloyatimizda zamonaviy bilim va malakaga ega bo‘lgan inson resurslariga ehtiyoj yuqori ekanligini hisobga olgan holda talabalarni mutaxassisliklari bo‘yicha amaliyot o‘tashlariga sharoit yaratish va kelgusida ularni ishga joylashishlariga ko‘maklashish muhim vazifalardan biridir.
Namangan viloyati hokimining turizm va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Botirjon Nuriddinov, viloyat turizmni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Ayubxon Bobomirzayev o‘z so‘zida bunday tadbirlar kelgusida malakali mutaxassislarni davlat fuqarolik xizmatiga jalb etishda alohida ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.

Hozirgi kunda kadrlarga qo‘yilayotgan talabni to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqarma yoki tashkilotning rahbarlaridan eshitgan har qanday talaba kelgusida davlat xizmatchisi bo‘lish uchun o‘z ustida yanada ko‘proq ishlashga intiladi.
Tadbirda soha rahbarlari yoshlarni qiziqtirgan barcha savolllariga atroflicha javob qaytardilar. E’tiborlisi, ushbu ochiq muloqotda universitet va viloyat turizm boshqarmasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolash hamda kelgusida turizm boshqarmasining malakali mutaxassislariga universitet tomonidan amaliy darslarni o‘tish uchun soatbay dars berishga kelishib olindi.
Shuni ta’kidlash lozimki, tadbir davomida Davlat fuqarolik xizmatiga yoshlarni jalb qilish, vatanparvar, iqtidorli yosh kadrlar zaxirasini shakllantirish, oliy ta’lim muassasalarini tamomlayotgan bitiruvchilarni o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ish bilan ta’minlash bo‘yicha yuzaga kelayotgan muammolarga yechim topishga ko‘maklashildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA