Zamonaviy issiqxona — farovonlik manbai
Sayxunobod tumanining “Nurobod” mahallasida yashovchi Mahmudovlar oilasi tomorqadan samarali foydalanib, yiliga 150 million so‘mgacha daromad olmoqda. Xonadon hududida tashkil etilgan 22 sotixli zamonaviy issiqxonada yiliga uch marotaba hosil yetishtirilayotgani mehnat va zamonaviy agrotexnologiyalar uyg‘unligining amaliy namunasi bo‘lmoqda.
Ayni kunlarda issiqxonada bulg‘or qalampiri va pomidor parvarish qilinmoqda. Shu bilan birga, bo‘sh turgan maydonlarda pomidor ko‘chatlari yetishtirilib, yerdan unumli foydalanish ta’minlanyapti. Qish mavsumida esa ko‘katlar va rediska yetishtirish rejalashtirilgan.

Mahmudovlar oilasi issiqxonada pomidor yetishtirishda zamonaviy agrotexnologiyalarga tayanib ish yuritmoqda. Ko‘chatlar maxsus tayyorlangan unumdor tuproqqa ekilib, belgilangan harorat va namlik asosida parvarish qilinadi. Mutaxassislar tavsiyasiga asosan mineral va organik o‘g‘itlardan me’yorda foydalanilishi hosildorlikni oshirishga xizmat qilmoqda.

E’tiborli jihati, xonadonda tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilingan. Bu usul orqali suv tejalishi bilan birga, har bir ko‘chatga zarur miqdorda namlik yetkazib beriladi. Natijada o‘simlikning o‘sishi jadallashib, hosil sifati yaxshilanmoqda.

Issiqxonada harorat muvozanatini saqlash, shamollatish ishlarini muntazam tashkil etish ham agrotexnologiyaning muhim qismi sanaladi. Shuningdek, palaklarni iplarga bog‘lash, ortiqcha yon shoxlarni olib tashlash va zararkunandalarga qarshi profilaktik ishlov berish ishlari o‘z vaqtida amalga oshiriladi.
– Har bir qarich yerdan unum olishga harakat qilamiz. Issiqxonani tashkil qilish dastlab oson kechmagan. Ammo izlanish va mehnat orqali tajriba to‘pladik. Hozir agrotexnologiyaga to‘g‘ri amal qilayotganimiz yaxshi natija beryapti, – deydi xonadon egasi Zafar Mahmudov.
Issiqxonadagi barcha ishlar oilaviy mehnat asosida tashkil etilgan. Bu esa nafaqat sarf-xarajatlarni qisqartirmoqda, balki xonadonda ahillik va mehnatsevarlik muhitini ham mustahkamlamoqda.
Bugun Mahmudovlar oilasi yetishtirgan mahsulotlar mahalliy bozorlar bilan bir qatorda viloyatning turli hududlariga ham yetkazib berilmoqda. Eng muhimi, bu kabi namunaviy tomorqalar aholi daromadini oshirish, bozorlar to‘kin-sochinligini ta’minlash va qishloqlarda tadbirkorlik muhitini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri