Zamonaviy ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirildi
Navoiy sanoatni rivojlantirish majmuasi maxsus sanoat parki hududida “UNIGROUP NAVOIY” ishlab chiqarish korxonasi barpo etilib, faoliyat boshladi.
Ushbu muhim tadbirda Tatariston Respublikasi raisi Rustam Minnixanov boshchiligidagi delegatsiya hamda Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov ishtirok etdi.

Qisqa muddat – atigi 10 oy ichida qurib bitkazilgan korxonada kosmetika va uy parvarishi mahsulotlarini ishlab chiqarishning to‘liq sikli yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur korxona Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi samarali sanoat kooperatsiyasining yorqin namunasi bo‘lib, zamonaviy texnologiyalar va xalqaro standartlar asosida tashkil etilgan.

Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 85 million dona mahsulotni tashkil etadi. Ayniqsa, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning 75 foizi eksportga yo‘naltirilishi rejalashtirilgani uning tashqi bozorlarda ham raqobatbardosh bo‘lishini ko‘rsatadi.
Loyiha doirasida 115 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Bu esa mahalliy aholi bandligini ta’minlash va ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashda muhim omil hisoblanadi.

To‘liq quvvatga chiqqanidan so‘ng, korxonaning yillik aylanmasi 4,5 milliard rublga yetishi kutilmoqda. Bu esa nafaqat hudud, balki mamlakat iqtisodiyoti uchun ham salmoqli hissa bo‘lib xizmat qiladi.
Navoiy viloyatida amalga oshirilayotgan bunday yirik investitsiya loyihalari sanoatni rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish va aholi farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA