Zakovatli yoshlar o‘z salohiyatiga munosib taqdirlandi
Bilimli, iqtidorli yoshlar adolatli sinov maydonida o‘z kuch-qudrati va ilmiy intellektual salohiyatini namoyish etishdi.
14-17-dekabr kunlari o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinlar musobaqasida Toshkent tibbiyot akademiyasi nomi alohida e’tirof etildi.
Akademiya talabalarining muvaffaqiyati 6 ta o‘yin natijasiga ko‘ra 1-, 2-, 3-o‘rinlarga munosib ko‘rildi. Intellektual olimpiadaning Respublika bosqichida 2-o‘rin Toshkent tibbiyot akademiyasi jamoasiga nasib etdi.
G‘olib jamoaga Prezident sovg‘asi sifatida 100 ta monoblok tantanali ravishda topshirildi.
Mazkur bilimlar bellashuvi yosh iqtidorlar uchun kelgusida qator qulayliklar bilan keng imkoniyat eshiklarini ochadi. G‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar “Zakovat bilimdoni” maxsus stipendiyasini olishdan tashqari, o‘z sohalari bo‘yicha chet-ellarda malaka oshirish, yanada quvonchlisi, magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim olishga jo‘natiladi.
Shuningdek, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Intellektual olimpiada g‘oliblari va sovrindorlarini o‘z mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar zaxirasiga oladi, deya xabar beradi Toshkent tibbiyot akademiyasi matbuot xizmati.
O‘zA