Zafar muborak, buxorolik g‘allakorlar
Buxorolik g‘allakorlar qabul shoxobchalariga 194 ming 728 tonna don yetkazib berib, belgilangan rejani 102 foizga bajardi.
Joriy yilda viloyatdagi 3 ming 10 ta fermer xo‘jaligi tasarrufidagi 65 ming gektar maydonga bug‘doyning “Alekseyevich”, “Valena”, “Vassa”, “Grom” va “Tanya” kabi saralangan navlari ekilib, sifatli parvarishlandi.

G‘alabaning asosiy poydevori – fermerlarning yerga alohida mehr bilan qaragani, ya’ni qadalgan dondan boshlab uni parvarish qilish, agrotexnik qoidalarga amal qilish va zamonaviy yondashuvlarni joriy etish hosildorlikning mo‘l bo‘lishiga zamin yaratdi.
Prezidentimizning “G‘allani yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, g‘allani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga o‘tilgani g‘allachilik klasterlari va fermerlarga bug‘doyni bozor narxida to‘liq erkin sotish huquqini berdi.

Yetishtirilgan hosilni nobud qilmasdan o‘rib-yig‘ib olish uchun viloyatdagi mavjud 215 ta kombayndan otryad shakllantirildi. Otryadlarga 900 dan ortiq yuk avtomobillari, 32 ta ko‘chma ustaxonalar, 43 ta yonilg‘i tashish vositalari biriktirildi.
G‘alla hosilini yetishtirish va davlatga don sotish bo‘yicha Vobkent, Peshku, G‘ijduvon, Jondor, Romitan va Buxoro tumanlari dehqon va fermerlari jonbozlik ko‘rsatdi.

Yetishtirilgan g‘alla hosilidan 1 trillion 410 milliard so‘mlik daromad mo‘ljallanayotgan bo‘lsa, shundan naqd 620 milliard so‘mi sof daromaddir. Qolaversa, shartnomaviy rejadan tashqari 340 ming tonnadan ortiq yetishtirilgan hosilning fermer xo‘jaliklari tasarrufida qolishi xo‘jalik ishchilarining moddiy manfaatdorligi va iqtisodiy farovonligini yanada oshirish imkonini beradi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.