“Yuventus” muammolar girdobida
Jamoa qatorasiga ikkinchi oʻyinda uchta toʻp oʻtkazib yubormoqda
Jamoa qatorasiga ikkinchi oʻyinda uchta toʻp oʻtkazib yubormoqda
Turinning “Yuventus” jamoasi oʻz safiga portugaliyalik Krishtiano Ronalduni qoʻshib olgach, nafaqat Italiya A Seriyasi, balki UYEFA Chempionlar ligasida ham favoritga aylangan edi.
Ammo, musobaqaning hal qiluvchi bahslari oldidan Massimiliano Allegri jamoasida muammolar koʻzga tashlanmoqda. “Keksa sinora” bir necha kun avval Italiya kubogining chorak finalida oʻrtamiyona “Atalanta”ga 3-0 hisobida yutqazib qoʻygandi. Kecha oqshom jamoa oʻz uyida “Parma” bilan durangga erishdi va eʼtiborlisi, turinliklar bu safar ham oʻz darvozasidan uchta toʻp olib chiqishdi.
36-daqiqada jamoa yetakchisi Ronaldu hisobni ochdi. 62-daqiqaga kelib himoyachi Rugani ham oʻz nomini tabloga yozdirib qoʻydi – 2-0. Ammo oradan ikki daqiqa oʻtib mehmonlar vakili Antonio Barilla hisobni qisqartirishga erishdi. Lekin 66-daqiqada yana oʻsha Ronaldu gol urib, oʻyinga yakuniy nuqtani qoʻygandi guyo. Faqat bunga mehmonlar qoʻshilishmadi va ular uchrashuvning soʻnggi daqiqalarini ancha faol oʻtkazishib, Mattia Perin darvozasini ikki bor ishgʻol etishdi. Yakuniy hisob 3-3 va “Yuventus” yana ochko yoʻqotdi.
22 oʻyinda 60 ochko jamgʻargan “keksa sinora” hamon A Seriyada yetakchilik qilmoqda. Ushbu turda oʻz maydonida “Sampdoriya”ni magʻlub etgan “Napoli” esa peshqadamdan 9 ochkoga ortda qolmoqda.
Toʻpurarlar bahsida kechagi dublidan keyin Ronaldu yetakchilikni oʻz qoʻliga oldi. Endi uning hisobida 17ta gol bor. “Sampdoriya” toʻpurari Fabio Kvalyarella esa darvozalarga 16ta toʻp kiritgan. Kuchli uchlikni kutilmaganda “Atalanta” hujumchisi Duvan Sapata yakunlab beradi. Kolumbiyalik futbolchi hisobida 15ta gol bor.