Yurtimizning shifobaxsh mahsulotlari
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida tibbiyot sohasida amalga oshirilgan izchil islohotlar aholi salomatligini mustahkamlash, xalqimizning sog‘lom va uzoq umr kechirishini ta’minlash, farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida tibbiyot sohasida amalga oshirilgan izchil islohotlar aholi salomatligini mustahkamlash, xalqimizning sog‘lom va uzoq umr kechirishini ta’minlash, farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda.2016-yil 5-yanvarda kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi "Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida"gi qonuni, Prezidentimizning 2016-yil 31-oktabrdagi "Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mazkur hujjatlarda dori vositalari muomalasi, ulardan tibbiyotda foydalanish, farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, dorixonalar faoliyatini takomillashtirish, dori vositalarining sifati, xavfsizligi, samaradorligi hamda farmatsevtika faoliyati ustidan davlat nazoratini amalga oshirish, aholini zarur dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berilgan.
Farg‘ona viloyatida ham farmatsevtika sohasida bir qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Uchko‘prik tumanida ushbu qonun ijrosi doirasida yangi turdagi shifobaxsh dori-darmon vositalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Shifobaxsh o‘simliklar yetishtirish va qayta ishlashga ixtisoslashgan “Mehrigiyo” kichik korxonasi raqobatbardosh mahsulotlari bilan iste’mol bozorida mustahkam o‘rin egallamoqda.
Korxonada asalari mahsulotlari va o‘simliklardan 100 ga yaqin turdagi tabiiy, shifobaxsh choylar tayyorlanmoqda. “Mehrigiyo” korxonasi jamoasi papaya daraxtidan yuqori texnologiya asosida shifobaxsh toza choy tayyorlab, mutaxassislar e’tiboriga havola etdi. Toza ipakdan tayyorlangan xaltachalarga qadoqlangan bu choy jigar va oshqozon faoliyatini yaxshilaydi, ko‘zga quvvat beradi.
– Yaqinda Moskvada o‘tkazilgan xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etdik, – deydi “Mehrigiyo” korxonasi mutaxassisi M.Qodirov. – Mahsulotlarimiz mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi. Joriy yilning o‘tgan davrida korxonamizda o‘ndan ortiq turdagi yangi mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Mahsulotlarimizni xorijga eksport qilish yo‘lga qo‘yildi. 50 kishi mehnat qilayotgan korxonamizda ekologik toza, shifobaxsh darmon dorilar turini ko‘paytirish yo‘lida Toshkent farmatsevtika instituti, Qo‘qon davlat pedagogika instituti, Xorazm Ma’mun akademiyasi olimlari bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar ustida ish olib borilmoqda.
Tumandagi “Top victory” mas’uliyati cheklangan jamiyatida mahalliy xomashyo asosida biologik faol qo‘shimchalar va tabiiy giyohlardan sifatli dori-darmon ishlab chiqarilayotir.
– Me’yoriy hujjatlar asosida uch xil mahsulot tayyorlayapmiz, – deydi “Top victory” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari K.Xolmatov. – Ekotsink sirop, ekotsink kapsula va “Vodiy gavhari” nomi bilan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarimiz xorijdan keltiriladigan dori-darmonlar o‘rnini bemalol bosmoqda. Yil yakuniga qadar yana 10 ga yaqin turdagi mahsulot ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi.
Bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va biologik faol qo‘shimchalar zamonaviy tibbiyotning endokrinologiya, pediatriya yo‘nalishlari va boshqa qator kasalliklar oldini olishda ishlatiladi.