Yurtimizda yil yakuniga qadar 7 ta uy-muzey va 6 ta galereya ochilishi rejalashtirilgan
Poytaxtimizda “Hunarmand” uyushmasi tomonidan “2026-yilning birinchi choragi davomida hunarmandchilikni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar” mavzuida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda qayd etilganidek, joriy yil 1-yanvardan amalda bo‘lgan 43 ta hunarmandchilik yo‘nalishlari soni 32 taga qisqartirildi. Birinchi chorakda usta-shogird an’analarini rivojlantirish orqali jami 8 ming 486 ta ish o‘rini yaratildi.

Bugungi kunda respublika miqyosida hunarmandchilikning 32 ta yo‘nalishi bo‘yicha jami 26,2 ming nafar hunarmand faoliyat yuritib kelmoqda. Shundan 12,2 ming nafari erkaklar, 14 ming nafari esa ayollardir. Jami a’zolarning 4,4 ming nafari yoshlar.

“Hunarmand” uyushmasi tomonidan joriy yilning birinchi choragida hunarmandchilikning barqaror rivojlanishi uchun usta-shogird an’anasiga alohida e’tibor qaratildi. Bu an’ana nafaqat hunarmandlik mahoratini avloddan avlodga yetkazish, balki yangi ish o‘rinlari yaratish va mahalliy ijodiy salohiyatni rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi.

Bugungi kunda amaliy san’at ustalari va hunarmandlarning faoliyati onlayn platformalar orqali ham nazorat qilinadi. Milliy katalog va turistik faoliyat yurituvchi hunarmandlar reyestri ushbu jarayonni oson va shaffof tarzda yuritishga imkoniyat beradi. Bu platformalar ustalarning ijodiy salohiyatini keng ommaga namoyish qilish, ularning tajribasi va mahsulotlarini milliy hamda xalqaro miqyosda taqdim etish imkonini yaratadi.

Milliy katalogga kiritiladigan nomzodlar Kengash qarori asosida tanlanadi. Bu jarayonda nufuzli xalqaro ko‘rgazma va ko‘rik-tanlovlarda g‘olib yoki laureat bo‘lganlar, shuningdek san’at va fan arboblari hamda akademiklar tavsiya qilgan ustalar alohida e’tiborga olinadi. Bugungi kunda 271 nafar hunarmand Milliy katalogga kiritilgan.
Turistik reyestr esa Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tavsiyasi, Milliy katalog va “Hunarmand” uyushmasining Badiiy kengashi tavsiyasi asosida shakllantiriladi. Bu yerdan o‘z ustaxonasida yoki ijara asosida faoliyat yurituvchi, mahsulotlarini galereyalar, hunarmandchilik do‘konlari va mahalliy hamda xorijiy savdo uylarida taqdim etish uchun ro‘yxatdan o‘tgan hunarmandlar joy oladi. Joriy yilda ushbu reyestrga jami 763 nafar a’zo kiritilgan.
Ushbu tizim orqali ustalarimiz nafaqat mahalliy aholi va sayyohlar, balki xalqaro auditoriya bilan ham bevosita bog‘lanish imkoniga ega bo‘lmoqda. Bu esa hunarmandchilikning rivojlanishi va barqarorligini ta’minlaydigan muhim qadam.
Respublikamiz bo‘yicha 47 ta uy-muzey va 44 ta galereya faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, yil yakuniga qadar yana 7 ta uy-muzey va 6 ta galereya ochilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu amaliy san’atning keng targ‘ib etilishi va hunarmandlar ijodiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Joriy yilda amalda 4 ta muhim anglashuv memorandumlari imzolandi. Ular orqali O‘zbekiston hunarmandlari xalqaro hamkorlik doirasini kengaytirmoqda va mahsulotlarini xalqaro bozorlarga taqdim etishda yangi imkoniyatlarga ega bo‘lmoqda.
Shuningdek, milliy brend va tovar belgisiga ega bo‘lgan hunarmandlar soni 353 nafarga yetdi. Bu natijalar hunarmandchilik sohasining barqaror rivojlanishi va mahalliy hamda xalqaro bozorlarda o‘z o‘rnini mustahkamlashiga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, joriy yilning uch oyi davomida mamlakatimizda 2 ta yangi hunarmandchilik markazi ochildi. Hozirgi kunga kelib respublika bo‘yicha 91 ta markaz faoliyat yuritmoqda, ularning umumiy qiymati 2000 milliard so‘mni tashkil etadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA