Yurtimizda hech kim e’tibordan chetda emas
Yurtimizda xoh u sog‘lom xoh imkoniyati cheklanib, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lsin, inson qadri, inson manfaatlari birinchi o‘ringa qo‘yilib, ularga alohida e’tibor va hurmat ko‘rsatiladi, har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, holidan xabardor bo‘lib turiladi.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Respublika boshqaruvi raisi Dilshod Usmanov Navoiy viloyatiga tashrif buyurib, nogironligi bor, imkoniyati cheklangan fuqarolar holidan xabar oldi.
Jumladan, Navoiy shahar “Lochin” MFY istiqomat qiluvchi 1-guruh nogironi, 1960 yilda tug‘ilgan Sergey Klyuchenskiy xonadoniga borildi va unga Respublika boshqaruvi raisi tomonidan nogironlik aravachasi topshirildi.

Shuningdek, “Orzu” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi nafaqaxo‘r Xadicha Kamolovaga “Mahalla” fondi Respublika boshqaruvi tomonidan 12 million so‘m xayriya yordami ajratildi. Ayni paytda X.Kamolova ikki nafar yetim nabirasini tarbiyalamoqda.

Tashrif davomida “Ko‘zi ojizlar jamiyati” Navoiy viloyat bo‘limiga qarashli “Karmana” MCHJ o‘quv-ishlab chiqarish korxonasida faoliyat yuritayotgan imkoniyati cheklangan insonlar holidan xabar olindi. Korxona faoliyati, ishchilarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishildi. Tashrif so‘ngida korxonaning 32 nafar imkoniyati cheklangan ishchilariga oziq-ovqat jamlanmalari tarqatildi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA