“Yuridik klinika” ish boshladi
Mamlakatimizda yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Yoshlarga koʻrsatilayotgan eʼtibor, ularni qoʻllab-quvvatlash borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Bu borada xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik koʻlami ham tobora ortib bormoqda.
Andijonda “Yuridik klinika” loyihasini samarali amalga oshirish boʻyicha hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mamlakatimizda yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Yoshlarga koʻrsatilayotgan eʼtibor, ularni qoʻllab-quvvatlash borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Bu borada xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik koʻlami ham tobora ortib bormoqda. Xususan, BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi (UNODC ROCA) hamda BMT Taraqqiyot dasturining (UNDP) Oʻzbekistondagi doimiy vakolatxonasi koʻmagida amalga oshirilayotgan qator loyihalar shular jumlasidandir.

Xalqaro hamkorlik doirasida Andijon shahridagi Yoshlar markazida faoliyat yuritadigan “Yuridik klinika” loyihasi taqdimoti boʻlib oʻtdi.
BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi (UNODC ROCA) rahbari Ashita Mittal, Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev ishtirok etgan taqdimotda viloyatda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar, mazkur klinikaning maqsadi, asosiy vazifasi va faoliyatining muhim yoʻnalishlari haqida maʼlumot berildi.

Tadbir qatnashchilari Yoshlar markazida tashkil etilgan koʻrgazma, “Yuridik klinika”da yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
– Yuridik klinika eshigi yoshlarimizning huquqiy bilim va savodxonligini yana-da yuksaltirishga xizmat qiladi, – deydi Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasi boshligʻi Oybek Yoʻldoshev.

– Shu bilan birga, yoshlar huquqlariga oid xalqaro hujjatlar bilan tanishish, huquqiy mavzuda muloqotlar oʻtkazish, umuman, viloyatimiz yoshlarining faolligini, huquqiy bilimini oshirish markaziga aylanadi.
“Yuridik klinika” internet, zarur texnik jihoz va vositalar, huquqiy adabiyotlar bilan toʻla taʼminlandi.

Tadbirda Andijon viloyati adliya boshqarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi oʻrtasida “Yuridik klinika” faoliyatini samarali tashkil etish toʻgʻrisida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Tadbir doirasida “BMT va yoshlar”, “Hokim va yoshlar” uchrashuvlari tashkil etilib, unda UNODC ROCA hamda UNDP tashkilotlarining faoliyati, “Fargʻona vodiysi yoshlarining ijtimoiy uygʻunligi” loyihasi boʻyicha maʼlumot berildi.

Shuningdek, Barqaror rivojlantirish maqsadlari, davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi tashabbuslari yuzasidan fikr va mulohazalar bildirildi.
Shundan soʻng tadbir ishtirokchilari Andijon shahridagi Sharda xalqaro universiteti, “DIGITAL City” (IT Park) faoliyati bilan tanishdi.
