Yurakda yashaydi asl shoirlar
Iqtisodiyot va moliya vazirligida O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 70-yilligiga bag‘ishlangan «Yurakda yashaydi asl shoirlar» mavzusidagi ilmiy-ma’rifiy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda shoirning rafiqasi, Muhammad Yusuf nomidagi jamoat fondi raisi Nazira Salomova, shoirning singlisi Muhabbatxon Yusupova, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti «Tarjimashunoslik va xalqaro jurnalistika» kafedrasi professori Xayrulla Hamidov hamda dotsent Nargiza Ismatullayeva ishtirok etdi.

Nazira Salomova va Muhabbatxon Yusupovalar shoir hayoti to‘g‘risidagi yorqin xotiralarni esga olishdi. Samimiy va kamtarin inson Muhammad Yusufning she’rlari xalqimiz ma’naviy merosiga aylanib borayotgani ta’kidlandi.

Anjumanda vazirlik xodimlari tomonidan shoir she’rlari ijro etilgan videolavha namoyish etildi, uning so‘zi bilan aytiladigan qo‘shiqlar guldastasi taqdim etildi. Shuningdek, Muhammad Yusuf she’rlarini ilk marotaba turk tiliga tarjima qilgan olim X.Hamidov so‘zga chiqib, badiiy tarjimaning o‘ziga xos xususiyatlari, o‘zbek adabiyoti durdonalarini jahon ahliga tanitish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tdi.

Yig‘ilganlar e’tiboriga, shuningdek, X. Hamidovning «Muhammed Yusuf. Seçme Şiirler» nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Shoir tavalludining 70-yilligiga bag‘ishlab nashr etilgan ushbu to‘plam turk tiliga tarjima qilingan eng sara ijod namunalarini jamlagan.
Yig‘ilish yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga adabiyot vakillari atroflicha javob berdi.
Behruz XUDOYBERDIEV,
O‘zA