Yurak-qon tomir tizimi dorilari qariyb 37 foizgacha, asab tizimi dorilari 40 foizgacha arzonlashdi
Bu haqda Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi matbuot xizmati rahbari Anvarxon Akabirov ma’lum qildi.
Shuningdek, brifingda retsept asosida beriladigan dori vositalari narxlarining davlat tomonidan tartibga solinishi va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish choralari haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda aholini sifatli, xavfsiz va hamyonbop dori vositalari bilan ta’minlash davlat siyosatidagi muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda dori vositalari narxlarini tartibga solish, ularning asossiz oshirilishining oldini olish hamda bozorda shaffoflikni ta’minlash uchun referent narx shakllantirish tizimi joriy etilgan va izchil takomillashtirib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining 2025-yil 25-dekabrda ro‘yxatdan o‘tgan 3735-son buyrug‘i bilan retsept asosida beriladigan dori vositalari narxlarini qayd etish tartibi belgilangan. Mazkur tartibga muvofiq, referent narxlar xalqaro amaliyot asosida shakllantirilib, ularni hisoblashda referent davlatlardagi o‘rtacha narxlar, ishlab chiqaruvchi mamlakatdagi narxlar hamda so‘nggi 12 oy davomida O‘zbekistonga import qilingan dori vositalari bo‘yicha shartnomalar narxlari inobatga olinadi.
Anvarxon Akabirovning qayd etishicha, 2026-yil 1-aprel holatiga ko‘ra, qariyb 2500 nomdagi retsept asosida beriladigan dori vositalari uchun cheklangan narxlar qayta shakllantirilgan va e’lon qilingan.

– Ushbu narxlar 2026-yil 1-maydan ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar, 1-iyundan distribyutorlar hamda 1-iyuldan boshlab dorixonalar uchun kuchga kirdi. Xususan, antibiotiklar va mikroblarga qarshi vositalar 50,13 foizgacha, юрак-qon tomir tizimi dorilari qariyb 37 foizgacha, асаб tizimi dorilari (Nevrologiya va Psixiatriya) 40 foizgacha, yallig‘lanishga qarshi va og‘riq qoldiruvchi vositalar 42 foizgacha tushirildi.
Shu munosabat bilan, 2026-yil 1-iyundan boshlab mazkur dori vositalarini avval amalda bo‘lgan referent narxlarda realizatsiya qilish imkoniyati mavjud emasligini ma’lum qilamiz. Soliq qo‘mitasining axborot tizimlarida referent narxlardan yuqori narxlarda rasmiylashtirilgan elektron hisobvaraq-fakturalar avtomatik tarzda nazorat qilinib, ularni yuborish imkoniyati cheklanadi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-yanvardagi tegishli farmoniga muvofiq, ulgurji savdo bilan shug‘ullanuvchi korxonalar uchun 15 foizgacha, chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi korxonalar uchun esa 20 foizgacha savdo ustamasi qo‘llash mumkinligi belgilangan, – deydi A.Akabirov.
Darvoqe, aholi uchun qulaylik yaratish maqsadida retsept asosida beriladigan dori vositalarining cheklangan narxlari haqidagi ma’lumotlar https://pharm.gov.uz/ rasmiy veb saytida e’lon qilingan. Fuqarolar o‘zlariga zarur bo‘lgan dori vositalarining narxlarini mustaqil ravishda tekshirishlari mumkin.
Shu o‘rinda, Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi fuqarolarni jamoatchilik nazoratida faol ishtirok etishga chaqirmoqda. Xususan, dori vositalarini xarid qilish jarayonida «PharmUz» mobil ilovasi orqali retsept asosida sotiladigan dori vositalarining cheklangan va amaldagi chakana narxlarini solishtirib borish, narxlar bo‘yicha mavjud ma’lumotlarni tekshirish hamda aniqlangan holatlar yuzasidan murojaat qilish muhim ahamiyatga ega.
Bu nafaqat har bir fuqaroning o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilishga, balki dori vositalari bozorida shaffoflikni ta’minlash, adolatli raqobat muhitini shakllantirish va aholini hamyonbop dori vositalari bilan ta’minlashga qaratilgan davlat siyosati samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA