Yurak – organizm faoliyatini muvofiqlashtirib turuvchi betakror tizim
29-sentabr – Butunjahon yurak kuni
Har yili ushbu sanada jahon miqyosida Butunjahon yurak kuni keng nishonlanadi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad jamiyat e’tiborini yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olishga qaratish, insonlarni sog‘lom turmush tarziga amal qilishga chaqirish hamda o‘z salomatligiga befarq bo‘lmaslikka o‘rgatishdir. Zero, yurak butun organizm faoliyatini muvofiqlashtirib turuvchi betakror tizimdir.
Inson yuragi – mushtdekkina, lekin hayratlanarli darajada kuchli mushakli organ. U qon aylanish markazi hisoblanib, tinimsiz ravishda organizmning har bir hujayrasini kislorod va ozuqa moddalari bilan ta’minlaydi. Yurak bir sutkada o‘rtacha 100 ming martadan ortiq uradi, tana bo‘ylab taxminan 7-8 ming litr qonni haydaydi. U arteriyalar orqali toza qonni a’zolarga yetkazsa, venalar orqali uglekislotaga to‘yingan qonni o‘pkaga qaytib tozalanish uchun yuboradi. So‘nggi ilmiy tadqiqotlar yurakning faqatgina mexanik nasos emasligini, balki gormonlar ishlab chiqarib, qon bosimi va suv-tuz muvozanatini boshqarishda ham qatnashishini ko‘rsatmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, yurak-qon tomir kasalliklari dunyo bo‘ylab eng ko‘p o‘lim holatlarini keltirib chiqaruvchi asosiy sabab bo‘lib qolmoqda. Har yili yer yuzida 18 milliondan ortiq inson yurak xastaliklari tufayli hayotdan ko‘z yumadi. Eng tashvishlanarlisi, so‘nggi yillarda ushbu kasalliklar sezilarli darajada «yosharib» bormoqda. Yurak muammolari hatto yoshlar o‘rtasida ham uchrayotgani mutaxassislarni jiddiy o‘ylantirmoqda.
Tibbiyot amaliyotida yurak-qon tomir tizimi bilan bog‘liq bir qator xavfli xastaliklar ko‘p uchraydi. Jumladan, yurak mushaklarini qon bilan ta’minlovchi toj arteriyalarining torayishi yoki tiqilishi oqibatida kelib chiqadigan ishemik yurak kasalligi va stenokardiya ko‘krak qafasida kuchli og‘riq hamda siqilish hissini keltirib chiqaradi. Toj arteriyalarining to‘liq yopilib qolishi natijasida yurak mushagining bir qismi qonsiz qolib nobud bo‘lishi, miokard infarkti esa shoshilinch tibbiy yordamni talab qiluvchi o‘ta xavfli holatdir. Shuningdek, qon tomir devorlariga haddan tashqari bosim tushishidan kelib chiqadigan arterial gipertoniya insult va infarktning bosh sababchisi hisoblanadi. Bundan tashqari, yurak o‘z vazifasini to‘liq bajara olmay, tanani zarur miqdordagi qon bilan ta’minlay olish qobiliyatini yo‘qotib borishi yurak yetishmovchiligini, yurakning juda tez, juda sekin yoki notekis urishi esa aritmiyalarni keltirib chiqaradi.
– Bugungi kunda yurak-qon tomir patologiyalari nafaqat keksalar, balki mehnat yoshidagi aholi o‘rtasida ham keng tarqalmoqda, – deydi kardiolog-shifokor Go‘zal Alimova. – Asosiy sabab kundalik turmush tarzimizning o‘zgarib ketgani, surunkali stress, kamharakatlik va noto‘g‘ri ovqatlanishdir. Ko‘pchilik yurak sanchishi yoki og‘riqlarni vaqtinchalik holsizlikka yo‘yib, shifokorga kech murojaat qiladi. Holbuki, o‘z vaqtida boshlangan oddiy profilaktika va qon bosimini nazorat qilish ko‘plab og‘ir asoratlarning oldini olar edi.
Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, yurak salomatligiga putur yetkazuvchi asosiy omillar ko‘pincha kundalik odatlarimiz bilan bog‘liq. Noto‘g‘ri ovqatlanish va ortiqcha vazn, ya’ni tez tayyorlanadigan mahsulotlar, hayvon yog‘lari, shirinliklar va tuzni haddan tashqari ko‘p iste’mol qilish qondagi xolesterin miqdorini oshirib, qon tomirlarining tiqilishiga olib keladi. Shuningdek, jismoniy faoliyatsizlik yurak mushaklarining bo‘shashishiga, tamaki va alkogol mahsulotlari qon tomirlarini qisqartirib qon bosimini oshirishiga, doimiy stress esa yurak ritmini buzib, uning faoliyatini og‘irlashtirishga sabab bo‘ladi.
So‘nggi o‘n yilliklarda jahon kardiologiyasida ulkan yutuqlarga erishildi. Zamonaviy tibbiyot imkoniyatlari tufayli ilgari davolab bo‘lmas deb hisoblangan ko‘plab yurak xastaliklari muvaffaqiyatli bartaraf etilmoqda. Jumladan, toj tomirlarini jarrohlik yo‘lisiz, maxsus stentlar orqali kengaytirish va qon aylanishini tiklash texnologiyasi juda ko‘p hayotlarni saqlab qolmoqda. Ochiq yurak operatsiyalari o‘rnini kichik kesmalar orqali bajariladigan minimal invaziv jarrohlik amaliyotlari egallab, bemorlarning tez tiklanishini ta’minlamoqda. Shu bilan birga, yurak ritmini boshqaruvchi zamonaviy qurilmalar (kardiostimulyatorlar) hamda xolesterin va qon bosimini bir maromda ushlab turuvchi yangi avlod preparatlari bemorlarning umrini sezilarli darajada uzaytirmoqda.
– Shunga qaramay, sohada hal etilishi lozim bo‘lgan qator muammolar saqlanib qolmoqda. Aholining tibbiy madaniyati to‘liq shakllanmagani sababli kasalliklarning juda kech bosqichlarida shifokorga murojaat qilish holatlari ko‘p uchramoqda. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda tibbiyotning boshqa sohalari qatori kardiologiya yo‘nalishi ham sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Mamlakatimizda yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish, diagnostika va davolash sifatini oshirish borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda.
Darhaqiqat, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning hududiy filiallari eng zamonaviy tibbiy uskunalar bilan ta’minlandi. Ilgari faqat poytaxtda yoki xorijda bajariladigan murakkab yurak operatsiyalari (koronarografiya, stentlash, hatto ochiq yurakdagi murakkab jarrohlik amaliyotlari) endilikda viloyat va tuman markazidagi tibbiyot muassasalarida ham muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida esa aholini skrining qilish, gipertoniya va qandli diabet xavfi yuqori bo‘lgan shaxslarni erta aniqlash bo‘yicha maqsadli ishlar yo‘lga qo‘yildi.
Shifokor tavsiyasiga ko‘ra, yurak sog‘lomligini saqlash va uni asrab qolish uchun kuniga kamida 30 daqiqa piyoda yurish, yugurish yoki suzish bilan shug‘ullanish muhim hisoblanadi. Taomnomaga yangi mevalar, sabzavotlar, ko‘katlar, yog‘siz go‘sht va baliq mahsulotlarini ko‘proq kiritish, tuz va shakar iste’molini cheklash zarur. Shuningdek, muntazam ravishda tibbiy ko‘riklardan o‘tib turish, qon bosimi va qand miqdorini kuzatib borish hamda stress holatlaridan himoyalanish inson salomatligini asrashda muhim ahamiyatga ega.
Mohigul Qosimova, O‘zA