“Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘ida
FOTOREPORTAJ
Milliy tabiat bog‘lari faoliyat nuqtayi nazaridan ma’lum bir hududdagi ekotizim, o‘simlik va hayvonot dunyosi, ularning irsiy yaxlitligini muhofaza qilish, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish va ko‘paytirish maqsadini ko‘zlaydi. 2022-yilda Hisor tog‘ tizmasining janubi-g‘arbiy qismida tashkil etilgan Sariosiyo tumanidagi “Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘ida ham biologik xilma-xillikni saqlash va undan barqaror foydalanishni ta’minlash borasida muayyan ishlar qilinmoqda.
[gallery-16617]
“Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘ining umumiy maydoni 27 ming 581 gektar, shuning 7 ming 294 gektari tog‘ o‘rmonlaridan iborat. Bog‘ dengiz sathidan 1000-3800 metrgacha bo‘lgan balandlikda joylashgan. Balandligi 600-800 metr keladigan tik qoyalar tog‘ yuzasidan ajralib turadi. Milliy tabiat bog‘i hududida ma’danlarga to‘yingan soylar serob bo‘lib, Zevarsoy, Chakalsoy, Baganikatsoy, Sesangasoy, Sagdorsoy, Simchosoy, Zanbeksoy, Xuchisoy, Dilisoy, Tamarxudsoy, Chashmaixunikaksoy nisbatan sersuv hisoblanadi. Bu soylar Tamarxud, Kishtut va Xovot daryolariga kelib qo‘shilib, viloyat aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash imkonini beradi.
Bog‘ hududida 667 dan ortiq o‘simlik turi uchraydi. Ularning 30 dan ortiq turi kamyob va muhofazaga muhtoj bo‘lib, O‘zbekiston “Qizil kitob”iga kiritilgan. Milliy tabiat bog‘ining tog‘ mintaqasida archazorlar va keng bargli o‘rmonlar katta maydonni egallagan.
Bog‘dagi suv ombori may, iyun oylarida to‘lgan davrda chuqurligi 700-800 metrga yetar ekan. Hozirgi holatda suv omborining eng chuqur yeri 180 metr atrofida. Suv omborining umumiy uzunligi 25 kilometrni tashkil qilishining o‘zi, uning haqiqiy haybatidan nishona. Sayyohlar qayiqda suzish jarayonida suv omborining boshlanish qismi, shuningdek, qordan hosil bo‘lgan suvning soyliklardan quyilish jarayonlariga guvoh bo‘ladi. Hammasidan ham jozibalisi, suv ombori purviqor cho‘qqilar, vertikal va gorizontal shakldagi tog‘lar qurshovida joylashganligidadir. Bu go‘shaga kelgan sayyoh borki, albatta, uning go‘zalligiga oshno bo‘ladi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA