“Yuksalish”da yangi uylar egalariga topshirildi
Namangan shahridagi Davlatobod tumani hududida ehtiyojmand va yosh oilalar uchun barpo etilgan ko‘p qavatli arzon uy-joylar foydalanishga topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 23 oktyabrdagi “2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini samarali amalga oshirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Namanganda ham uy-joyga muhtoj aholiga zamonaviy, barcha sharoitlarga ega bo‘lgan xonadonlar qurildi. Xususan, “Yuksalish” mahallasida 9 qavatli, har biri 36 xonadondan iborat uchta uy foydalanishga topshirildi.
“O‘zshaharqurilish invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati buyurtmachiligida bunyod qilingan har bir uyning umumiy qiymati 11 milliard 500 million so‘mga teng bo‘lib, jami 34 milliard 300 million so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarildi.
Yangi uy-joylarda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari tortish maqsadida 0,5 km. toza ichimlik suvi, 0,2 km. kanalizatsiya hamda 0,6 km. uzunlikdagi kirish va ichki yo‘llarni qurish ishlari amalga oshirildi. Bundan tashqari, uylarning har biriga zamonaviy ikki konturli isitish qozoni o‘rnatilib, alohida isitish tizimi bilan ta’minlandi.
[gallery-713]
Qayd etish joizki, yangi uylardagi 102 xonadondan 62 tasi nogironligi bo‘lgan shaxslar, 6 tasi og‘ir turmush sharoitiga tushgan ayollar va yana shunchasi jamiyat hayotida faolllik ko‘rsatayotgan yoshlar uchun ajratilib, uylarning boshlang‘ich to‘lovi davlat tomonidan to‘lab berildi.
- Bundan uch yil avval yosh oilalar uchun ajratiladigan uy-joylardan olish maqsadida ariza topshirgandim. Boisi, hovlimiz torligi sababli alohida uyga ehtiyoj yuzaga kelgandi. Yoshlar bilan ishlash borasidagi kamtarona xizmatlarimiz e’tiborga olinib, mana bugun zamonaviy va shinam xonadonga ega bo‘ldik. Buning uchun davlatimiz rahbariyatidan behad minnatdorman, - deydi O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi faoli, “Shuhrat” medali sohibi Hojiakbar Pattoyev.
Tantanali marosimda ishtirok etgan Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov xonadon sohiblarini uy to‘ylari bilan tabriklab, ularga esdalik sovg‘alarini taqdim qildi.
Ma’lumot o‘rnida, “Yuksalish” mahallasida so‘nggi uch yil davomida jami 31 ta ko‘p qavatli arzon uy-joylar namunaviy loyihalar asosida qurib bitkazildi. Ayni vaqtda umumta’lim maktabi va bolalar bog‘chasi qurilmoqda. Aholi, ayniqsa o‘g‘il-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida esa “Yoshlar” kichik sanoat zonasini barpo etilmoqda. Unda kelgusida 60 biznes loyihasi ishga tushishi bilan 3 ming 500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA