Yuksak ishonch va sharafli masʼuliyat
Oʻzbekistonni bugungi taraqqiyotining yangi bosqichida barcha sohalarda izchil va oqilona siyosat olib borilmoqda.
Oʻzbekistonni bugungi taraqqiyotining yangi bosqichida barcha sohalarda izchil va oqilona siyosat olib borilmoqda. Ayni paytda taʼlim, ilm-fan va maʼrifatni yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar har bir ziyoliga faxr-iftixor tuygʻularini baxsh etish bilan birga sharafli boʻlgan masʼuliyatni ham yuklaydi.
Oliy taʼlimni rivojlantirish uchun birgina oʻtgan yilda 19 ta yangi oliy oʻquv yurti, jumladan, 9 ta nufuzli xorijiy universitetning filiali ochilganligi, yetakchi xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda 141 ta qoʻshma taʼlim dasturi boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilganligi, oliy taʼlim muassasalariga jami 146 ming 500 nafar yoki 2016-yilga nisbatan 2 barobar koʻp talaba oʻqishga qabul qilingani oliy taʼlim tizimiga berilayotgan eʼtiborning yorqin bir namunasidir.
Muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning 2020-yil 24-yanvar kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasi barcha ziyolilarni nihoyatda xursand etdi. Yurtboshimiz tomonidan Oʻzbekistonni rivojlangan mamlakatga aylantirish uchun faqat jadal islohotlar, ilm-maʼrifat va innovatsiya bilan erisha olish mumkinligi, buning uchun, avvalo, tashabbuskor islohotchi boʻlib maydonga chiqadigan, strategik fikr yuritadigan, bilimli va malakali yangi avlod kadrlarni tarbiyalash zarurligi, nafaqat yoshlar, balki butun jamiyat aʼzolarining bilimi, saviyasini oshirish uchun ilm-maʼrifat, yuksak maʼnaviyat kerakligi, ilm yoʻq joyda qoloqlik, jaholat va albatta, toʻgʻri yoʻldan adashish boʻlishi taʼkidlandi.
Ushbu Murojaatnomada oliy taʼlim tizimidagi mavjud muammolarni yechimi bilan bogʻliq eng muhim vazifalar belgilab berildi. Jumladan, Murojaatda oliy maʼlumot olishni, oʻz ustida ishlab, ilmli boʻlaman, deydigan, yuragida oʻti bor, joʻshqin yoshlarning tahsil olishi uchun hamma qulayliklar yaratilishi uchun maktab bitiruvchilarini oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 2020-yilda kamida 25 foizga va kelgusida 50-60 foizga yetkazilishi taʼkidlandi. Oliy taʼlim qamrovini oshirish toʻlov kontraktiga bogʻliq boʻlib qolmasligi zarurligi bildirildi va oliy oʻquv yurtlariga talabalar qabul qilish davlat grantlarini 2 barobar koʻpaytirish vazifasi belgilandi.
Qizlar uchun alohida grantlar ham ajratilishi koʻzda tutildi. Xotin-qizlar qoʻmitasiga ushbu grantlar asosida oʻqitishga nomzodlarni tanlash va saralash mezonlarini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarini optimallashtirish, bunda asosiy eʼtiborni oʻqishga kirish jarayonlarini soddalashtirishga, oliy oʻquv yurtlarida chinakam bilim va tarbiya olishga qaratish zarurligi alohida qayd etildi.
Ushbu Murojaatnomada Yurtboshimiz tomonidan yana bir muhim ahamiyatga ega boʻlgan fikr bildirildi. Oliy taʼlim standartlari xorijiy tajriba asosida takomillashtirilishi, taʼlim yoʻnalishlari va oʻqitiladigan fanlar qayta koʻrib chiqilishi, pirovardida mutaxassislikka aloqasi boʻlmagan fanlar sonini 2 barobar qisqartirish zarurligi, asosiy eʼtibor mutaxassislik fanlariga qaratilishi maʼlum qilindi.
Maʼlumki, bugungi kun talablaridan kelib chiqib, oliy taʼlimda oʻquv jarayonini kredit-modul tizimiga oʻtkazish talab etilmoqda. Joriy yildan boshlab esa pedagogik taʼlimning 6 ta yoʻnalishi boʻyicha oʻqish muddatini 3 yil qilib belgilanishi talabalarga qisqa muddatda oliy maʼlumot olishlari, mustaqil hayotda oʻz oʻrinlariga ega boʻlish imkoniyatini yaratib berishi shubhasiz.
Murojaatnomada belgilangan vazifalardan kelib chiqib, mamlakatimiz taraqqiyotining kelgusi bosqichlarida oliy oʻquv yurtlariga bosqichma-bosqich akademik va moliyaviy mustaqillik beriladi. Joriy yilda esa ularning 10 tasi oʻzini oʻzi moliyaviy taʼminlashga oʻtadi. Bundan tashqari, kamida 5 ta oliy taʼlim muassasasini konkurs asosida tanlab olinib, nufuzli xorijiy oliy taʼlim dargohlari bilan hamkorlikda ularni transformatsiya qilish boshlanadi.
Bugungi kunda har bir mamlakatni taraqqiyotini ilm-fansiz tasavvur etib boʻlmaydi. Yurtboshimiz bu masalaga ham alohida toʻxtalib, joriy yilda matematika, kimyo-biologiya, geologiya kabi yoʻnalishlarda fundamental va amaliy tadqiqotlar faollashtirilib, olimlarga barcha shart-sharoitlar yaratib berilishini, ilm-fan sohasida fundamental va innovatsion tadqiqotlar uchun maqsadli grant mablagʻlarini ajratish mexanizmini tubdan qayta koʻrib chiqilishini aytib oʻtdilar.
Bizningcha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi uzluksiz taʼlim tizimini rivojlantirish, mamlakatimizning izchil rivojlanib borayotgan iqtisodiyotini yuqori malakali kadrlar bilan taʼminlash, barcha hududlar va tarmoqlarni strategik jihatdan kompleks rivojlantirish masalalarini hal qilish borasida oliy taʼlim tizimi ishtirokini kengaytirish yoʻlidagi yana bir muhim amaliy qadam boʻldi.
Shu sababli bunday yuksak ishonch, eʼtibor va gʻamxoʻrlik uchun Muhtaram Prezidentimizga barcha ziyolilar nomidan minnatdorchiligimizni bildirib qolamiz. Ishonch bilan aytishimiz mumkinki, biz ziyolilar ham Prezidentimizni yuksak ishonchlarini oqlab, biz uchun sharafli boʻlgan masʼuliyatni toʻliq his qilgan holda kelajagi buyuk davlat qurishdek oliy maqsad yoʻlida oʻzimizni har tomonlama hissamizni qoʻshamiz va ularga qanot boʻlamiz.
Narimon Dehqonov,
Namangan davlat universiteti
Ijtimoiy-iqtisodiy fakulteti dekani, tarix fanlari nomzodi, dotsent