Yozyovonda paxtadan 60 sentnerdan ortiq hosil olinmoqda
Farg‘ona viloyatida yangicha yondashuvlar asosida paxta hosildorligini oshirib, o‘ziga xos tajriba maktabini yaratgan fermer xo‘jaliklari ko‘p. Yozyovon tumanidagi “Mezon" fermer xo‘jaligi shulardan biridir. Ayni kunlarda fermerning paxtadan yuqori hosil olish tajribasi keng o‘rganilmoqda. Fermer xo‘jaligida yuqori hosildorlikka erishishning siri nimada?
Asosan gektariga 200-250 ming tup ko‘chat qoldirilishida. Bu tajriba xo‘jalikda ikkinchi yil qo‘llanilyapti. Markaziy Farg‘ona cho‘lidagi yerlar bundan besh-o‘n yillar ilgari chorva fermeriga qarashli bo‘lib, chimzor edi. Yer qumloq bo‘lib, boniteti ham 40 ball atrofida.

Yangi usul – ko‘chat sonini ko‘paytirish bilan har tomonlama iqtisod qilinadi.Birinchidan yagana qilinmaydi, bir gektarda ikki gektarning hosili yetishtiriladi. O‘z-o‘zidan o‘g‘it iqtisod qilinadi, chekanka qilinmaydi. Bir terimda hosil yig‘ishtiriladi. Ikkinchi terimga hojat qolmaydi.
Joriy yilda fermer xo‘jaligida 48 gektar maydonda S-8290, 18 gektar maydonda yangi S-6570 navli paxta har gektarda 220-250 ming tup ko‘chat bilan yetishtirildi. Yangi usul o‘z samarasini berib, dalalarda hosilning cho‘g‘i baland bo‘ldi.
Viloyatdagi tumanlar hokimlari, soha mutaxassislari va fermerlar mazkur fermer xo‘jaligidagi ish jarayoni bilan tanishdi.

– Bu fermer xo‘jaligi tajribasining targ‘ib qilishdan asosiy maqsad manfaatdorlikni oshirish, –dedi viloyat hokimi o‘rinbosari Alibek Tursunov. –Ilgarilari 30 sentnerdan paxta olish katta ish edi. Endi u zamonlar o‘tdi. 35 sentnerdan hosil olib, gektaridan besh million so‘m daromad qilgandan, 50-60 sentnerdan paxta olib, 30 milliondan daromad qilish albatta yaxshi. Yerning yomoni yo‘q. Ilm, tajriba bilan ishlash vaqti keldi.

Fermer Vohidjon Obidov tajribasi bilan o‘rtoqlashdi, savollarga javob berdi.
– O‘tgan yili bu fermer xo‘jaligi tajribasini o‘rganib, bu yil uni o‘zimizda targ‘ib qildik, – deydi Toshloq tumani hokimi Abduqahhor Jo‘raboyev. – Shu usulda dehqonchilik qilgan fermerimiz 60 sentnerdan hosil olishni ko‘zlayapti.
Mazkur tajribadan kelib chiqib, bu yil Yozyovon tumanida 1,5 ming gektardan oshiq maydonda yangi usulda paxta yetishtirildi. Kelgusi yildan “Mezon" tajribasi viloyat bo‘ylab ommalashtiriladi.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri