Yozyovonda baliq yemi zavodi ochildi
Yozyovon Markaziy Farg‘ona cho‘llarida joylashgan bo‘lib, o‘ziga xos iqlim va geografik hududga ega. Uning qum barxanlari orasida tuyachilik xo‘jaligi ham bor. Manzaraga o‘zgacha fayz bag‘ishlab turgan yuzdan ortiq baliq ko‘llari mavjud. Yozyovonda yetishtirilgan mashhur “Sazan” balig‘i qo‘shni viloyatlar iste’molchilari orasida ham xaridorgir.
Aslida baliqchilik tumanning drayveriga aylana olardi. Ammo, yem ta’minotidagi muammolar soha rivojini tizginlab turgan.
Xitoyning “HUALONG SILIAO” korxonasi Yozyovon baliqchiligi, baliq yemiga ehtiyoj va talabni atroflicha o‘rgandi va 10 million dollar sarmoya kiritib, yiliga 30 ming tonna yem ishlab chiqaradigan zavod qurdi. Ayni kunlarda u foydalanishga topshirildi va dastlabki mahsulotlarini mamlakat baliqchi fermer xo‘jaliklariga jo‘natdi.

– Biz besh xil turdagi mahsulot ishlab chiqaramiz, ya’ni ularning turi o‘lchamiga bog‘liq bo‘ladi. Korxonamizda har bir smenada kuniga 80 tonnadan yem mahsulotlari tayyorlanadi, – deydi korxona ish boshqaruvchisi Jasurbek Ikromjonov. – Mahsulot tarkibida un, baliq, tovuq go‘shti, soya, kungaboqar, guruch va makkajo‘xorilar bor.

– Biz ishlab chiqarayotgan baliq yemi avvalo davolovchi xususiyatga ham ega. U turli parazitlardan baliqni tozalaydi, – deydi “HUALONG SILIAO” korxonasi hammuassisi Jo Bing. – Yana bir e’tiborli jihati, bu yem suvda cho‘kmaydi. Ya’ni berilgan ozuqa yuz foiz iste’mol qilinadi. Avvalgi yemlar suvda bo‘kib, 15-20 foizi baliq ozuqalanguncha cho‘kib ketar edi.
Zavod mahsuloti to‘xtovsiz mijozga yuborilyapti. Undagi ilgari uchramagan xususiyatlar uzoq viloyatlardan ham baliqchi fermer va korxonalarni jalb etyapti.

– Hozirgi kunda baliqlar uchun maxsus vitaminli, dorilangan, antibakterial hamda turli parazit kasalliklariga qarshi yemlar ishlab chiqarilmoqda. Tayyorlanayotgan mahsulotlarimiz Samarqand, Xorazm va Jizzax viloyatlariga yetkazib berilyapti. Kelgusi yildagi asosiy maqsadimiz mahsulotlarimizni chet davlatlarga ham eksport qilishdan iborat. Korxonamiz Farg‘ona viloyatida joylashgan bo‘lib, hozircha Markaziy Osiyoda bu yo‘nalishdagi yagona korxona hisoblanadi, – deydi Jasurbek Ikromjonov.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/TkF2Z_cLABc" title="Yozyovonda baliq yemi zavodi ochildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA muxbiri