Yozgi ta’til — iqtidorni ro‘yobga chiqarish imkoniyati
Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi tasarrufidagi Angren shahridagi 9-sonli alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabda yozgi ta’til davri o‘quvchilar uchun mazmunli va samarali tashkil etilmoqda.
Mazkur ta’lim muassasasida bugungi kunda 112 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Bu yerda ta’lim sifati bilan bir qatorda o‘quvchilarning sport, ijodiy va kasbiy salohiyatini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Ularning iqtidorini yuzaga chiqarishga xizmat qiluvchi turli loyiha va tadbirlar muntazam o‘tkazilyapti.

Joriy yilning 5-aprel kuni Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Inson uchun” marafonida mazkur maktabning 21 nafar o‘quvchisi faol ishtirok etdi. Musobaqa yakuniga ko‘ra, Latifa Gabdraxmanova uchinchi o‘rinni egallab, 1 million so‘m, Madina Yahyoyeva esa ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, 2 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi. Shuningdek, iyun oyida o‘tkazilgan “Quyoshli bolalar” sport musobaqalarida Ali Dashzarini, Asl Risboyev, Aziz Qarshiboyev va Farzona Nurullayeva muvaffaqiyatli ishtirok etib, jami beshta medalni qo‘lga kiritdi. Bu natija ta’lim muassasasida sportni ommalashtirish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar samarasidir.

Ayni paytda maktabda yozgi ta’tilni mazmunli tashkil etishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Ta’til kunlarida o‘quvchilar sport mashg‘ulotlari, fan va ijodiy to‘garaklar, shuningdek, kasb-hunarga yo‘naltiruvchi mashg‘ulotlarga keng jalb etilmoqda.

Pedagoglar va to‘garak rahbarlari har bir bolaning qiziqishi hamda qobiliyatidan kelib chiqib mashg‘ulotlarni tashkil etayotgani esa ularning bo‘sh vaqtini samarali o‘tkazish, iqtidorini rivojlantirish, ijtimoiy faolligini oshirish va mustaqil hayot uchun zarur ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qilmoqda. Bu kabi tashabbuslar alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning jamiyat hayotida faol ishtirok etishi va o‘z imkoniyatlarini to‘liq namoyon etishi uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
A.Musayev,O‘zA.