Yozef Blatter: FIFAni ayol kishi boshqaradigan vaqt keldi
Sobiq funksionerning ta’kidlashicha, xalqaro futbol idorasida to‘planib qolgan muammolarni bartaraf etish uchun tub islohotlar va tamomila yangicha yondashuv talab etiladi.
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA)ning sobiq rahbari Yozef Blatter tashkilotning amaldagi inqirozli holatiga munosabat bildirib, kelgusida rahbariyatga kim kelishi kerakligi bo‘yicha o‘z taklifini ilgari surdi.
Sobiq funksionerning ta’kidlashicha, xalqaro futbol idorasida to‘planib qolgan muammolarni bartaraf etish uchun tub islohotlar va tamomila yangicha yondashuv talab etiladi. U ushbu mas’uliyatli lavozimga Norvegiya futbol assotsiatsiyasi rahbari Lise Klaveness munosib ekanini bildirdi.
“Lise Klaveness yuksak e’tirof va hurmatga loyiq shaxs. U har doim o‘z prinsiplari hamda qat’iy pozitsiyasiga sodiq qolib kelgan. Nazarimda, endilikda FIFA tizimini ayol kishi boshqaradigan davr yetib keldi”, — deb yozadi Yozef Blatter o‘zining X (sobiq Twitter) sahifasida.
Ushbu bayonot xalqaro futbol doiralarida Janni Infantinoga nisbatan e’tirozlar kuchaygan bir paytda yangradi. Avvalroq Infantino Marokashda FIFA rahbariyatining favqulodda yig‘ilishini chaqirgani va unga nisbatan qator konfederatsiyalar tomonidan bosim o‘tkazilayotgani haqida xabarlar berilgan edi.
Xususan, UEFA, KONKAKAF hamda Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) amaldagi prezidentga nisbatan ishonchsizlik bildirib, muqobil nomzodlarni ko‘rib chiqishni boshlagani aytilmoqda. Agar Infantino o‘z kursisida qoladigan bo‘lsa, ushbu konfederatsiyalarga a’zo ayrim mamlakatlar FIFA shafeligida o‘tadigan musobaqalarga boykot e’lon qilishi ham ehtimoldan xoli emas.