Yoshlarning muammolari ijobiy hal etilmoqda
Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini bartaraf etish, hayotda munosib o‘rin topishi, o‘qishi, kasb-hunar egallashi, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada ishlarni samarali tashkil etishda mahalla fuqarolar yig‘inlarida ish olib borayotgan Yoshlar yetakchilarining faoliyati muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ayni kunda Yoshlar yetakchilari tomonidan mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, mahalla yoshlarining muammolarini aniqlash va ijobiy hal etish, ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida salmoqli ishlar olib borilmoqda. Buni Andijon shahri mahallalarida ish olib borayotgan Yoshlar yetakchilarining faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin.
Bugungi kunda 422 ming nafardan ziyod aholi, shundan 146 ming nafarga yaqin 14 dan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar istiqomat qilayotgan Andijon shahridagi 92 ta mahallada Yoshlar yetakchilari samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
Ular tomonidan yoshlarning tadbirkorlik g‘oyalarini amalga oshirish, bandligini ta’minlash, iqtidorli va intellektual faol, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, shuningdek, huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi bo‘lgan hamda jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan yoshlar bilan ishlash singari qator yo‘nalishlarda tizimli ishlar olib borilmoqda.
Joriy yilning mart oyiga qadar o‘tkazilgan o‘rganishlar, yoshlar bilan bevosita suhbatlardan so‘ng Andijon shahridagi 82 ming 256 nafar 14-30 yosh toifasidagi yoshlarning 38 ming 89 nafari “yaxshi”, 44 ming 157 nafari “o‘rta”, 1 ming 89 nafari “og‘ir” toifalarga ajratildi.
– “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar bilan ishlash borasida e’tiborga molik ishlar amalga oshirildi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Andijon shahar bo‘limi boshlig‘i Mavlonbek Azimov. – Joriy yil boshida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida 2 ming 997 nafar yigit-qiz “Yoshlar daftari”ga kiritildi, ularning 2 ming 862 nafariga bugungi kunga qadar turli yordamlar ko‘rsatildi.
Jumladan, ana shu yoshlarning 150 nafari doimiy ishga joylashtirildi, 6 nafariga imtiyozli kredit, 305 nafariga o‘zlari egallagan kasb-hunarlar bo‘yicha ish tashkil etishi, mehnat qurollari, turli asbob-uskuna, jihozlar xarid qilishi uchun subsidiya mablag‘lari ajratildi. 805 nafarining o‘qishi uchun kontrakt pullari to‘lab berildi, 58 nafari haydovchilikka o‘qitildi, 190 nafar yigit-qizning zamonaviy kasblarni egallash xarajatlari qoplab berildi, 425 nafariga esa ijtimoiy-iqtisodiy yordamlar ko‘rsatildi.
Bundan tashqari, 53 nafar yoshning ilm-fan, sport, san’at va madaniyat yo‘nalishlaridagi tanlovlar, fan olimpiadalarida ishtirok etishi, kasb-hunar o‘rganishi uchun ketadigan xarajatlar qoplab berildi.
– Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida mahallamizdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 20 nafardan ortiq yoshlarga turli yo‘nalishda yordamlar ko‘rsatildi, – deydi Andijon shahridagi G‘ayrat mahallasida ish olib borayotgan Yoshlar yetakchisi Shuhratbek Ibrohimov. – Jumladan, oliy o‘quv yurtlarida, shuningdek, til, kasb o‘rganish maskanlarida tahsil olayotgan 8 nafar yoshning kontrakt va to‘lov pullari to‘lab berildi.
[gallery-20623]
Bundan tashqari, o‘n olti yoshga to‘lgan, lekin fuqarolik pasporti olishga moddiy imkoniyati bo‘lmagan 6 nafar yoshga ID kartalari olib berildi.
Ta’kidlash kerakki, bu kabi ishlar Andijon shahridagi barcha mahallalarda olib borilmoqda. Bugungi kunda ro‘yxatga kiritilgan 135 nafar yoshning “Yoshlar daftari”dan chiqarish choralari ko‘rilmoqda.
Alohida ishlash talab etiladigan, ya’ni “og‘ir” toifaga kiritilgan yoshlar mutasaddi idoralar, korxona, tashkilot hamda oliy ta’lim muassasalari rahbarlariga biriktirildi.
Og‘ir toifadagi yoshlarga biriktirilgan rahbarlar tomonidan har bir yosh bilan bevosita suhbatlar o‘tkazildi, ularning taklif va muammolari o‘rganildi.
O‘rganishlar jarayonida yoshlar tomonidan 850 dan ziyod muammo va takliflar bildirilgan. Ana shu toifadagi yoshlar bilan individual ishlash davomida bugungi kunga kelib, ishga joylashish, kredit, bir martalik moddiy yordam olish, “Yoshlar daftari”ga kiritish, kasb-hunarga o‘qish, uy-joyni ta’mirlash, davolanish, bolalar nafaqasini olish singari va boshqa qator muammo hamda takliflarning 827 tasi hal etildi.
Yoshlar yetakchilari tomonidan ishsiz yoshlar bandligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, ro‘yxatga olingan 1 ming 845 nafar ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash bo‘yicha fuqarobay yo‘l xaritalari ishlab chiqilgan. Aniq rejalar belgilanib, tizimli ishlar olib borildi. Natijada ishsiz yoshlar yuz foiz ish bilan ta’minlandi. Xususan, ularning 348 nafari doimiy ishga joylashtirildi, 223 nafari mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘qitildi, 51 nafariga subsidiya, 24 nafariga kredit ajratildi, 1 ming 120 nafari esa turli yo‘nalishda o‘zini-o‘zi band qildi.
– Mahallamizda xorijiy migratsiyadan qaytgan yoshlardan 4 nafariga subsidiya asosida turli ish qurollari va jihozlar olib berildi, – deydi Andijon shahridagi Bog‘i Eram mahallasida ish olib borayotgan Yoshlar yetakchisi Nurali Abdullajonov. – Bir nafariga esa o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish uchun imtiyozli kredit olishiga ko‘maklashildi.
Shuningdek, ikki nafar yoshning o‘z hunari asosida ish olib borishi, o‘zini-o‘zi band qilishi uchun tegishli tartibda litsenziya olishiga ko‘maklashildi. Uch nafar yoshlarimiz turli yo‘nalishdagi kasb-hunarlarga o‘qitildi.
Andijon shahrida bitiruvchi yoshlar bandligini ta’minlash borasidagi ishlar ham belgilangan reja asosida olib borilmoqda.
Yoshlarning muammolarini hal etishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari mavjud muammolarni bartaraf etish, yoshlarga zarur yordamlar ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida “Yoshlar daftari jamg‘armasi” hisobidan 6 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish tadbirlariga sarflandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida joriy yil 12 yanvarda o‘tkazilgan yig‘ilishda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Andijon shahrida yashovchi 35 ming 127 nafar yosh mahallalar kesimida huquq-tartibot va mudofaa organlari tomonidan otaliqqa olindi. Ularga adliya, prokuratura, ichki ishlar, Milliy gvardiya, mudofaa bo‘limining mas’ullari biriktirildi.
Biriktirilgan mas’ullar tomonidan “xonadonbay” ishlar tashkil etilib, 25 ming 383 nafar yosh bilan suhbatlar o‘tkazildi. Suhbatlar davomida 10 ming 89 ta muammo aniqlanib, ularni hal etish bo‘yicha “Yo‘l xarita”lari ishlab chiqildi. Ana shu asosda aniq va amaliy ishlar olib borilmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, milliy sport o‘yinlari va sport turlarini yoshlar o‘rtasida ommalashtirish, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, iste’dodi hamda tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazib kelinayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi” tadbirlarida ham andijonlik yoshlar faol ishtirok etmoqda.
“Besh tashabbus olimpiadasi”ning joriy yil mavsumida mahallalardagi uyushmagan yoshlar o‘rtasida sport, san’at, madaniyat, kompyuter texnologiyalari va IT, kasb-hunar o‘rganish, kitobxonlikni targ‘ib etish, paralimpiya yo‘nalishlarida 26 ta loyiha amalga oshirildi.
Ana shu loyihalar doirasida o‘tkazilgan tanlov, musobaqa va tadbirlarda 39 ming 400 nafarga yaqin yoshlar ishtirok etib, o‘zlarining iqtidor va imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi.
Yoshlar yetakchilari tashabbusi bilan yoshlarni brend loyihalarga qamrab olish, xorijiy tillarni puxta o‘rganishlariga ko‘maklashish maqsadida minglab yoshlar “Ibrat farzandlari”, “Mutolaa”, “Uz chess”, “Ustoz E-Ay” loyihalariga jalb etildi. Bundan tashqari, o‘tgan davr mobaynida “Ibrat farzandlari” loyihasi orqali ko‘plab yoshlar til sertifikatlarini qo‘lga kiritdi.
Bir so‘z bilan aytganda, Andijon shahri mahallalarida Yoshlar yetakchilari tomonidan yoshlar bilan ishlash bo‘yicha belgilangan ishlar reja asosida, tizimli ravishda olib borilmoqda. Bu ishlar eng avvalo, yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga, ularning muammolarini bartaraf etishga, jamiyatda, hayotda o‘z o‘rinlarini topishlariga yaqindan yordam bermoqda.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri