Yoshlarga ishonch – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining bosh strategiyasi
Munosabat
Har bir davrning o‘z tayanch nuqtalari bo‘ladi. Ayrim zamonlarda mamlakat qudrati uning tabiiy boyliklari, hududi yoki ishlab chiqarish salohiyati bilan o‘lchangan bo‘lsa, bugungi global raqobat muhitida eng katta boylik – inson, uning bilimi, tafakkuri va yaratuvchanlik qobiliyati hisoblanadi.
Shu ma’noda, yosh avlodga e’tibor qaratish – bu faqat ijtimoiy siyosat yo‘nalishi emas, balki davlatning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyasidir. Chunki bugun maktab yoki oliygoh ostonasida turgan yosh yigit-qizlar ertaga mamlakat iqtisodiyoti, ilm-fani, madaniyati va davlat boshqaruvini harakatga keltiradigan asosiy kuchga aylanadi.

Prezidentning yoshlar bilan uchrashuvida ilgari surilgan yangi tashabbuslar mazmun-mohiyatiga nazar tashlasak, ularning barchasini yagona maqsad – har bir yoshning bilim olishi, kasb egallashi, munosib ish topishi va o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishi uchun yaxlit tizimni shakllantirish g‘oyasi birlashtirib turganini ko‘ramiz.
Davlat rahbari ta’kidlaganidek, bugungi kunning muvaffaqiyat formulasi va ertangi taraqqiyotning mustahkam zamini uchta ustunga – bilim, kasb va texnologiyaga tayanadi. Ana shu yondashuvdan kelib chiqib, mamlakatda har yili 500 ming nafar yigit-qizni zamonaviy kasblarga tayyorlash imkonini beradigan “Kelajak bilimlari ekotizimi”ni yo‘lga qo‘yish taklifi ilgari surildi. Bu tashabbus ta’lim muassasalari faoliyatini kengaytirish bilan cheklanmay, xususiy sektorning ishtiroki, zamonaviy o‘quv dasturlari va xalqaro tajribani keng joriy etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Ayniqsa, yoshlar o‘z tashabbusi bilan o‘quv markazlari tashkil etishi uchun yer maydonlari va davlat ob’ektlari imtiyozli shartlarda ajratilishi, kredit foizlari bir qismi davlat tomonidan qoplanishi hamda xorijiy o‘qituvchilar va o‘quv dasturlarini jalb qilish xarajatlarining yarmini moliyalashtirish mexanizmi bilim sohasiga xususiy investitsiyalarni jalb qilishning yangi bosqichini boshlab beradi.
Yangi tashabbuslar orasida “kasb vaucheri” tizimining joriy etilishi alohida ahamiyat kasb etadi. Endi zamonaviy kasb egallash istagida bo‘lgan yoshlarga o‘qish xarajatlari uchun foizsiz mablag‘ ajratiladi, ehtiyojmand oilalar farzandlari esa xususiy o‘quv markazlarida mutlaqo bepul ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa kasb-hunar egallashda iqtisodiy imkoniyatlar bilan bog‘liq cheklovlarni bartaraf etib, mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar sonini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Uchrashuvda yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda yosh tadbirkorlar soni besh baravarga oshib, 287 ming nafardan oshgani bu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini berayotganini ko‘rsatadi.
Endi esa mazkur tizim sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. “Yoshlar mini-franshizasi” dasturi doirasida muvaffaqiyatli yosh tadbirkorlar o‘z biznes modelini boshqa tengdoshlariga ham taqdim etishi uchun imkoniyat yaratiladi. Mahalliy brendlar asosida ish boshlayotgan yoshlarga 300 million so‘mgacha foizsiz mablag‘ ajratilishi, istiqbolli loyihalarga esa 5 milliard so‘mgacha investitsiya kiritilishi ko‘zda tutilmoqda.
Bu tashabbusning eng muhim jihati shundaki, yoshlarga faqat ish izlovchi emas, balki yangi ish o‘rinlari yaratadigan, iqtisodiy faollikni oshiradigan va mahalliy brendlarni rivojlantiradigan kuch sifatida qaralmoqda. Bu esa mamlakat iqtisodiyotida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning yanada mustahkam o‘rin egallashiga xizmat qiladi.
Dunyoda raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgan bir sharoitda O‘zbekiston ham bu jarayonning faol ishtirokchisiga aylanishni maqsad qilmoqda. Shu nuqtai nazardan, sun’iy intellekt laboratoriyalarini tashkil etish, superkompyuter klasteri quvvatini kengaytirish, hududlarda yangi IT-parklar barpo etish va iqtidorli yoshlarni mazkur sohalarga keng jalb qilish haqidagi qarorlar mamlakatning texnologik taraqqiyoti uchun mustahkam asos bo‘ladi.
Shuningdek, “Mening birinchi kompyuterm” dasturi orqali ehtiyojmand oilalar farzandlariga noutbuk xarid qilish uchun moliyaviy ko‘mak berilishi raqamli tenglikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamdir. Chunki raqamli iqtisodiyot sharoitida kompyuter va internetdan foydalanish imkoniyati nafaqat ta’lim, balki mehnat bozorida raqobatbardoshlikning ham asosiy omillaridan biriga aylanmoqda.
Prezident tomonidan ilgari surilgan yana bir muhim tashabbus – “O‘zbekiston yoshlar ligasi” platformasini tashkil etishdir. Bu tizim orqali yoshlarning ilm-fan, ta’lim, sport, tadbirkorlik va ijtimoiy faollikdagi natijalari baholanib, ularni qo‘llab-quvvatlashning mutlaqo yangi mexanizmi joriy etiladi.
Yuqori natijalarga erishgan yoshlarga davlat grantlari, kontrakt to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar, xorijda ta’lim olish imkoniyatlari, imtiyozli ipoteka, davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasiga kiritish kabi rag‘batlantirish choralarining belgilanishi iqtidor va mehnatni munosib qadrlash tamoyilini yanada mustahkamlaydi.
E’tiborli jihati shundaki, yangi tashabbuslarning barchasi bir-biri bilan uzviy bog‘langan yaxlit tizimni tashkil etadi. Ta’limdan boshlangan yo‘l kasb-hunar, tadbirkorlik, innovatsiya va davlat boshqaruvigacha davom etadi. Bu esa yoshlarning faqat bugungi ehtiyojlarini emas, balki kelajakdagi muvaffaqiyati uchun zarur bo‘lgan barcha shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan kompleks yondashuv ekanini anglatadi.
Umuman olganda, mamlakat kelajagi uning qanday bino va inshootlar qurgani bilan emas, qanday insonlarni tarbiyalagani bilan belgilanadi. Shu ma’noda, Prezident tomonidan ilgari surilgan mazkur tashabbuslar har bir yoshning hayotiga daxldor bo‘lib, ularning bilimli, raqobatbardosh, tashabbuskor va vatanparvar shaxs sifatida kamol topishiga xizmat qiladigan muhim strategik dastur sifatida ahamiyat kasb etadi.
Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.
O‘zA